AsosiyJamiyat

Hamjihatlik – tinchlik va osoyishtalikni saqlashning garovi

'Hamjihatlik – tinchlik va osoyishtalikni saqlashning garovi'ning rasmi

Shiddat bilan taraqqiy etib borayotgan mamlakatimizda aholining tinch va osoyishta hayotini ta`minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlashda har bir fuqaroning daxldorlik tuyg`usini oshirish dolzarb ahamiyatga ega. Zero, tinchlik va barqarorlik bor joyda qut-baraka bo`ladi.

Qolaversa, jahonning ayrim mintaqalarida notinchliklar, xavf-xatar va tahdidlar, eng avvalo, xalqaro terrorizm, diniy ekstremizm, noqonuniy migrasiya, odam savdosi, yot g`oyalar tarqalishining tobora kuchayib borayotgan bir paytda, mamlakatimizning har bir hududi va mahallasida bunday salbiy illatlarning oldini olish huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan bir qatorda, jamoatchilik zimmasiga ham yangi vazifalarni qo`ymoqda.

Buning uchun aholi, ayniqsa yoshlarning ongida jinoyatga qo`l urmaslik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik, Vatanga sadoqatli bo`lish, atrofdagi insonlarga hurmatda bo`lish kabi fazilatlarini singdirish orqali ularning dunyoqarashida vatanparvarlik hamda “Mening mahallamda jinoyat sodir etilmasligi kerak” tuyg`ularini mustahkamlashda davlat va nodavlat tashkilotlar, fuqarolar yig`inlari hamda keng jamoatchilikning hamjihatligini, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishni taqozo etadi.

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini tizimli va samarali amalga oshirish – davr talabi

Albatta, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlashda ichki ishlar organlari va ularning samarali faoliyati hal qiluvchi o`rinni egallaydi. Ayni paytda, shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablari barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari xodimlaridan ham tinimsiz o`qib-o`rganishni,
o`z ustida ishlashni, bilim va saviyasini, malakalarini doimo oshirib borishni taqozo qiladi.

Bu borada Davlatimiz Rahbarining 2017 yil 16 avgustdagi “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi hamda
2018 yil 23 avgustdagi “Ichki ishlar organlari boshqaruv, nazorat va shaxsiy tarkib bilan ishlashning samarali tizimini joriy etish bo`yicha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qarorlari soha xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Andijon va Sirdaryo viloyatlaridagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo`limlari tezkor vakillari, tergov bo`linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmalari tahlil va muvofiqlashtirish bo`linmalari xodimlari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hamda idoraviy-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan “O`z Vatanini, ona xalqini ravnaq toptirish uchun o`zini ayamasdan mehnat qilish: bu – jasorat va mardlik, bu – ona yurtga muhabbat va sadoqat, bu – to`g`ri tarbiya va amaliy namuna” ekanligi misollar orqali tushuntirib berilmoqda.

– Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor o`quv yig`ini kasbiy bilimlarimizni yanada mustahkamlab olish uchun imkoniyatdir, – deydi Andijon viloyati Jalaquduq tumani IIB Jinoyat qidiruv bo`linmasi katta tezkor vakili, mayor Sardor O`rinboev. – O`tkazilayotgan o`quv mashg`ulotlarida sohaga oid milliy qonunchilikdagi yangiliklarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini, davlat va nodavlat tashkilotlar, fuqarolar yig`inlari bilan o`zaro hamkorlikni to`g`ri tashkil etish yo`llarini o`rganmoqdamiz.

Ayni paytda, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda, ayniqsa voyaga etmaganlar va yoshlar o`rtasida, oila-turmush munosabatlari doirasida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olishda “hududlar tajribasi”ni, xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatidagi ijobiy tajribalarni soha xodimlariga etkazishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

– Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan darslarning zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o`qitishning interfaol usullaridan foydalangan holda o`tkazilayotganligi mashg`ulotlarning qiziqarli o`tishini ta`minlamoqda, – deydi Sirdaryo viloyati Xovos tumani IIB huzuridagi Tergov bo`linmasi katta tergovchisi, katta leytenant Sirojiddin Qo`ziev. – Endilikda oldimizda turgan asosiy vazifa sayyor o`quv yig`inlari mobaynida olgan bilimlarimiz kelgusidagi xizmat faoliyatimizni samarali tashkil etishda qo`l keladi.

Yoshlarda vatanparvarlik, mardlik va jasorat, sadoqat va halollik kabi fazilatlarni mustahkamlash yo`lida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning O`zbekiston Respublikasi Mustaqilligining yigirma sakkiz yilligiga bag`ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Biz ma`naviyat va ma`rifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, ma`naviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi ko`radi. Vijdon, ma`naviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir.” deb ta`kidladilar.

Darhaqiqat, bugungi kunda mamlakatimizda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, “Jaholatga qarshi – ma`rifat” degan ustuvor g`oyalarni ijtimoiy hayotda qaror toptirishda yoshlarni vatanparvar, mard va jasur, sadoqatli va halol etib tarbiyalash dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Ushbu ustuvor vazifaning mohiyatidan kelib chiqib Institut professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.

Zero, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev ta`kidlaganidek, vatanparvarlik har bir davlat hayotining ma`naviy asosi hisoblanadi va jamiyatni har tomonlama rivojlantirish borasida eng muhim safarbar etuvchi kuch sifatida namoyon bo`ladi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Andijon va Sirdaryo akademik liseylarida “Yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat fazilatlarini kamol toptirish” mavzusida o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda bo`lg`usi ichki ishlar organlari xodimlarida mazkur olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so`z yuritildi.

– Yoshlar qalbiga yo`l topa bilish, ularni kelajagimizning munosib vorislari bo`lib etishlariga yo`l-yo`riq ko`rsatish, o`z Vataniga bo`lgan mehr-muhabbatni mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma`rifatni tarqatish har birimizning kundalik vazifasiga aylanmog`i lozim, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov.
– Shu boisdan o`tkazilayotgan ushbu ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda akademik lisey o`quvchilari eng avvalo, ichki ishlar organlari xodimlari uchun muhim bo`lgan fazilatlar – adolat, odillik, halollik, sadoqat, so`z va amal birligi, xalqqa xizmat qilish kabi ezgu tushunchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga harakat qilmoqdamiz.

– Bugun IIV Malaka oshirish institutining etuk olimlari va professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan uchrashuv bizlar uchun katta saboq bo`ldi,
– deydi Sirdaryo akademik liseyning 2-bosqich o`quvchisi Mohichehra Xursanova. – Ayniqsa, biz bo`lg`usi ichki ishlar organlari xodimlari qanday fazilatlarga ega bo`lishlarimiz lozimligi haqida bildirilgan fikr-mulohazalar va tavsiyalar bizda katta taassurot qoldirdi. Shu kabi uchrashuvlar, ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar tez-tez tashkil etilsa, biz uchun foydali bo`lar edi.

– Men ta`lim olayotgan Ichki ishlar vazirligiga qarashli Andijon akademik liseyida o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirda poytaxtimizdan kelgan mutaxassislar davlatimiz tomonidan biz yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus hamda kitobga mehr qo`yishning ahamiyati haqida tushunchalar berilganligi biz uchun muhim yo`l-yo`riq bo`ldi, – deydi mazkur liseyning 2-kurs o`quvchisi Fayzullo Xabibullaev. – Biz bilan ushbu uchrashuvni o`tkazganliklari uchun IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilariga minnatdorchilik bildiramiz. Chunki, mazkur tadbirlar biz yoshlarni o`z ustimizda ko`p ishlashga, intilishga va izlanishga chorlaydi. Zero, bunday insoniy fazilatlar ichki ishlar organlari xodimlari faoliyatining asosiy mezoni sifatida inson, uning huquq va manfaatlarini ta`minlashda hamda himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, akademik liseylar va umumta`lim maktablarida targ`ibot tadbirlari va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar