O`zbekiston yoshlar ittifoqi intellektual rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan yosh avlodni shakllantirish, yoshlarni tashqi tahdidlar va “ommaviy madaniyat”ning zararli ta`siridan muhofaza qilish, yoshlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga har tomonlama ko`maklashuvchi tashkilotdir. Uning asosiy maqsadi yoshlarni mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy va iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash, O`zbekistonni jahonning rivojlangan mamlakatlari qatoriga kirishi jarayonlariga jalb qilish, yigit-qizlarning ma`naviy va kasbiy saviyasini yuksaltirish, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro`yobga chiqarishga ko`maklashishdan iborat. Bu borada yoshlar tashkilotiga qator vakolatlar va shart-sharoitlar yaratib berilgan. Yoshlarbop kreativ loyihalar amalga oshirilmoqda. Ammo ko`pchilikni Ittifoqqa berilgan 200 milliard so`mning qaerga, nima uchun sarflanishi qiziqtiradi. Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashining raisi Alisher Sa`dullaev endi 4 ta yangicha tamoyil asosida ish olib bormoqchi. Buning natijasida tashkilot faoliyatiga bo`lgan ko`plab savollar ham o`z javobini topadi. Yosh rahbar mazkur tamoyillarni amalga oshirishni ijtimoiy tarmoqlar orqali yoshlar fikrini o`rganishdan boshladi.
—Maqsadimiz aniq. Yoshlarimiz bilan 4 ta asosiy tamoyillar, ya`ni Ochiqlik (Kadrlar va Moliyaviy sohalarda), Muloqot (yoshlar xohish va takliflari), Doimiy izlanish, tahlil etish va rivojlanish (tashkilot zamon bilan hamnafas, yangilik va takliflarga doimo ochiq bo`lishi) va Qo`llab-quvvatlashni belgilab oldik, – deydi Alisher Sa`dullaev.
Ishlab chiqilgan 4 ta tamoyilga amal qilgan holda yoshlarning takliflar yuborishi uchun Google formani yo`lga qo`ydi.
Bundan tashqari, tashkilotning dastlabki tamoyili bo`lgan kadrlar va moliyaviy sohalardagi ochiqlik asosida endi Yoshlar ittifoqiga ajratilgan mablag`larning qaerga qanday sarflangani haqida moliyaviy hisobot taqdim etib turiladi. Yoshlarning porloq kelajagi uchun sarflanayotgan mablag` aniq maqsadli, samarali loyihalarga ishlatiladi.
—Yoshlar ittifoqidan yaxshi chaqiriq bo`ldi. Ayniqsa, Ochiqlik prinsipida ishlamoqchi ekani e`tiborga molik, – deb yozadijurnalist Aziza Qurbonova o`zining telegramdagi kanalida. —Hozircha oylik, choraklik, moliyaviy hisobotni doimiy taqdim etadigan biror tashkilotni bilmayman. Yil oxiridagi matbuot anjumanlariningnafi kam. Chunki pul tasarruf etib bo`lingan bo`ladi. Bu o`z o`rnida byudjetdan moliyalashtiriladigan davlat va nodavlat tashkilotlari uchun yaxshi yangilik bo`ladi.
Kadrlarni tayinlash bo`yicha ham ochiqlik tamoyili juda muhim. Endi eng kichik bo`g`indagi kadrlar salohiyati va malakasiga ham alohida e`tibor qaratiladi. Kadrlar malakasini oshirish bo`yicha kerakli chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Natijada tizimdagi boshlang`ich tashkilot vakillarining faoliyati samaradorligi oshiriladi.
Yana bir tamoyil esa yoshlarning xohish istaklari va takliflariga qaratilgan bo`lib, endi tashkilot yoshlarni tinglaydi. Ittifoq ularning ezgulikka yo`g`rilgan tashabbuslari va dolzarb takliflarini har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi. Bu borada ochiq muloqotlar muntazam ravishda tashkil etiladi.
Yoshlar ittifoqi yoshlarning ishonchi va birligi orqali ularning manfaatini himoya qiladigan, orzu-umidlari, iqtidor va salohiyatini ro`yobga chiqara oladigan tizim bo`ladi.
Shahnoza Nurulleva






