AsosiyJamiyat

Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev boshchiligidagi delegasiyaning Xitoyga tashrifi yakunlari

'Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev boshchiligidagi delegasiyaning Xitoyga tashrifi yakunlari'ning rasmi

O`zbekiston Qishloq xo`jaligi vaziri Jamshid Xodjaev boshchiligidagi delegasiya Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Qishloq xo`jalik vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrif doirasida qishloq xo`jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida Xitoyning bir qator yirik kompaniyalari va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari bilan uchrashuvlar o`tkazildi.

photo_2019-08-22_12-49-03.jpg

Jumladan, Qoraqalpog`iston Respublikasida sholichilik va chorvachilikni rivojlantirish bo`yicha Xitoyning yirik «Good-Seed Technology» va «Zhongnongfa Seed Industry Group» ixtisoslashgan kompaniyalari bilan Qoraqalpog`iston Respublikasi sharoitida sholining sho`rlanishga chidamli navlarini hamkorlikda etishtirish, shuningdek, ushbu ishlarning natijasiga qarab, sholichilik klasterlari faoliyatini yo`lga qo`yishga doir kelishuvga erishildi. Bunda xitoylik mutaxassislarning O`zbekistonga safari hosil yig`ib olinadigan davr – joriy yilning oktyabr oyida tashkil etilishi belgilandi. Bu borada joriy etiladigan sholichilik klasterlari faoliyatini ilmiy jihatdan qo`llab-quvvatlash maqsadida tadqiqotlar o`tkazish, mazkur sohadagi zamonaviy ishlanma va texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, shuningdek, Qoraqalpog`iston Respublikasi va boshqa hududlari sharoitiga chidamli bo`lgan yangi sholi navlaridan foydalanishga kelishib olindi.

Shuningdek, bir qator Xitoy kompaniyalari bilan yirik chorvachilik klasterlari tashkil etish, jumladan, «Zhejiang Forest Rainbow Medical» kompaniyasi bilan keyinchalik mahsulotlarini qayta ishlab, ichki bozorga chiqarish va eksportga yo`naltirish maqsadida qoramolchilik klasteri yaratish bo`yicha kelishuvga erishildi.

«JIHEXIN» kompaniyasi bilan mahalliy mayda va yirik shoxli mollarni chuqur qayta ishlab, mahsulotlarini Xitoyga eksport qilish bo`yicha kelishuv imzolandi. Loyihalarni 2020 yilda amalga oshirish kutilmoqda.

Shuningdek, «LD Power» kompaniyasi bilan 50 ming boshgacha yirik shoxli mollarni etishtirish borasida klaster tashkil etish bo`yicha dastlabki kelishuvga erishildi. O`z navbatida, Xitoy tomoni chorva ozuqasi etishtirish uchun 26 ming gektar er maydoni Sirdaryo viloyatidan ajratish masalasini ko`rib chiqish iltimosi bilan murojaat qildi. Hozirgi vaqtda, klaster qurilishi uchun joy tanlash maqsadida kompaniya vakillari safarga tayyorgarlik ko`rmoqda (taxminan, sentyabrning uchinchi o`n kunligida). Bo`lajak muzokaralar davomida mazkur loyihani amalga oshirish uchun boshqa muqobil takliflar ham bildiriladi.

photo_2019-08-22_09-02-28.jpg

Sohaga zamonaviy ilmiy-texnik yutuqlarni joriy etish, respublika sharoitiga moslashtirilgan chorvachilik zotlarini o`rganish va seleksiya qilish, shuningdek, sun`iy urug`lantirish uchun yuqori sifatli urug`lik materiallarini tayyorlash uchun respublikada chorvachilik va veterinariya tibbiyotini rivojlantirish bo`yicha qo`shma ilmiy markaz tashkil etish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadda yirik qoramol go`shtini genetik baholash markazi va Xitoy veterinariya chorvachilik instituti tomonidan mazkur yo`nalishdagi ijobiy tajribalarni boshqa davlatlarda ham joriy etish bo`yicha bo`yicha muzokaralar olib borildi.

Xitoyning ayrim ilmiy-tadqiqot institutlari "Yanlinskiy" va "Mongolskaya" zotdor qora mollarining sovuqqa va issiqqa chidamliligini oshirish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasida qo`shma tadqiqotlar o`tkazishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Ma`lumot uchun, bu borada markaz tashkil etish to`g`risidagi loyiha ko`rib chiqish uchun xitoyliklarga taqdim etildi. Xitoy tomoni idoralararo jarayonlarni o`tkazgandan so`ng, mazkur hujjatning imzolanishi kutilmoqda. Yuqoridagi klasterlarni tashkil etishda amaliy tajribani joyida o`rganish maqsadida, Xitoy Qishloq xo`jaligi vazirligi bilan Qoraqalpog`iston Respublikasidan bir guruh mahalliy investorlarni yuborish borasida kelishuvga erishildi.

Sholichilik va chorvachilik klasterlarini tashkil etish loyihalarini moliyalashtirish borasida xalqaro moliya institutlarining 500 mln dollar miqdoridagi sarmoyasini jalb etish bo`yicha kelishuvga erishildi.

Shu bilan birga, Qoraqalpog`iston Respublikasida guruch va chorvachilik uchun birinchi klasterlarni xitoylik va mahalliy sarmoyadorlar ishtirokida teng ulushlarda tashkil etish, keyinchalik esa ularning ijobiy tajribalaridan kelib chiqqan holda, respublikaning boshqa hududlarida to`liq mahalliy investorlar ishtirokida tashkil etish taklif qilinmoqda.

Tashrif davomida Xitoyning «Chjenyu Fisheri Grup» kompaniyasi ishtirokida Aydarko`l ko`li bazasida davlat-xususiy sherikligi asosida baliqchilik bo`yicha qo`shma klaster tashkil etish borasida muzokaralar o`tkazildi. Bunda Xitoy kompaniyasi 2023 yilga qadar baliqchilikni, sayyohlik sohasini rivojlantirish va qayta ishlovchi zavod qurilishi uchun kamida 30 mln dollar investisiya kiritish majburiyatini o`z zimmasiga oladi.

Yangi erlarni tiklash va o`zlashtirish choralarini amalga oshirish uchun «Kingland Tehnology», «Dalin Co. Ltd.», «Taonan Glorious Agricultural» va «Tyan Chen Co Ltd.» kompaniyalari bilan purkagichli va tomchilatib sug`orish tizimlari, shuningdek, foydalanishdan chiqarilgan erlarda qurilishi mo`ljallangan issiqxona majmualari uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarishni tashkil etish bo`yicha 61 million dollarlik shartnoma imzolandi.

Shuningdek, «Sinomach» kompaniyasi bilan sho`r va sho`rlangan tuproqlarni foydalanishga qaytarish, infratuzilmani yaratish va innovasion texnologiyalarni joriy etish orqali yomg`irli erlarda organik qishloq xo`jaligi mahsulotlarini etishtirish bo`yicha tajriba loyihalarini amalga oshirish to`g`risida kelishuv imzolandi.

Sinxua Energiya va energetika universiteti departamenti bilan tuproqshunoslik bo`yicha qo`shma tadqiqotlar o`tkazish, ushbu soha uchun o`zbekistonlik mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida O`zbekiston-Xitoy ilmiy markazini tashkil etish bo`yicha kelishuvga erishildi. Ma`lumot uchun, mazkur yo`nalishda tegishli markaz tashkil etish to`g`risidagi kelishuv loyihasi ko`rib chiqish uchun Xitoy tomoniga taqdim etildi. Mazkur hujjat Xitoy ichki idoralararo jarayonidan o`tganidan so`ng imzolanishi kutilmoqda.

Bog`dorchilik, vinochilik va issiqxona xo`jaligi sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish borasida Toshkent viloyatida 200 gektar maydonda vinochilik klasteri tashkil etish bo`yicha «Xinjiang Hengrui International Trade» va «I Chen Co.» kompaniyalari bilan kelishuv imzolandi.

Shuningdek, «Lyufeng Grand Cherry» kompaniyasi bilan 2020-2021 yillarda gilos ko`chatlari va ularning zahiralarini etishtirish va Farg`ona viloyatida intensiv bog`lar yaratish borasida shartnoma imzolandi.

Xitoy qishloq xo`jaligi va injiniringi akademiyasi bilan hamkorlikda issiqxona xo`jaligi bo`yicha faoliyati O`zbekiston Respublikasida issiqxona xo`jaligini rivojlantirish bo`yicha ilmiy asoslangan xulosalar va maslahatlarni ishlab chiqishga yordam berishga qaratilgan O`zbekiston-Xitoy qo`shma markazini tashkil etish to`g`risida kelishuvga erishildi. Ma`lumot uchun, mazkur yo`nalishda tegishli markaz tashkil etish to`g`risidagi kelishuv loyihasi ko`rib chiqish uchun Xitoy tomoniga taqdim etildi. Mazkur hujjat Xitoy ichki idoralararo jarayonidan o`tganidan so`ng imzolanishi kutilmoqda.

    Boshqa yangiliklar