AsosiyJamiyat

Kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan dorilarning aylanishi qat`iy tartibga solinadi

'Kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan dorilarning aylanishi qat`iy tartibga solinadi'ning rasmi

So`nggi paytlarda jamoatchilikni ayrim fuqarolar, ayniqsa, yoshlar o`rtasida kuchli ta`sir etuvchi moddalarni notibbiy maqsadlarda iste`mol qilinishi holatlari tashvishga solib kelayotgan edi.

Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrdagi “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish to`g`risida”gi qarori esa bunday salbiy holatlarga barham berishda, ya`ni dori vositalarining noqonuniy aylanishi va ularning suiiste`mol qilinishiga yo`l qo`ymaslik, kuchli ta`sir qiluvchi moddalar aylanishini tartibga solishni takomillashtirish, shuningdek, aholining sog`lig`ini saqlashni ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

– Qarorga ko`ra, 2019 yil 1 dekabrdan boshlab Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan alohida dori vositalari buyum-miqdor jihatdan hisobga olinadi hamda ularning chakana savdosi faqat ijtimoiy dorixonalar va giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni saqlash va realizasiya qilish (berish) faoliyatiga lisenziyasi mavjud bo`lgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Narkotiklarni nazorat qilish qo`mitasi raisi Ismatjon Azizov. – Shuningdek, shifokor resepti bo`yicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga kiritilgan dori vositalarining noqonuniy chakana savdosi holatlariga qat`iy barham beriladi. Bu jarayonda tekshirishlar Ichki ishlar vazirligi hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog`liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog`liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo`yicha vakilga xabar berish tartibida, Tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimida ro`yxatdan o`tkazish orqali tashkil etiladi.

Endilikda kuchli ta`sir qiluvchi moddalar ro`yxatiga o`zgartirish va qo`shimchalar Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi qoshida tashkil etiladigan idoralararo ekspert guruhi takliflari asosida kiritib boriladi.

Yana bir e`tiborli jihati, Sog`liqni saqlash vazirligi Ichki ishlar vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda dori vositalarining notibbiy maqsadlarda iste`mol qilinishi ustidan doimiy monitoring olib borishi va zarur hollarda ekspert guruhiga tegishli takliflarni kiritish choralarini ko`rib boradi.

Bunda ikki oy muddatda dori vositalari va tibbiy buyumlarni realizasiya qilish qoidalarini buzganlik uchun ma`muriy va jinoiy javobgarlikni takomillashtirishga oid, shu jumladan, resept bo`yicha dori vositalarini berish tartibini buzganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlash ham nazarda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar