Facebook’dagi guruhlardan birida Toshkentning Qushbegi ko`chasi qoq o`rtasida qoldirib ketilgan Lacetti rasmi paydo bo`ldi, deya xabar bermoqda daryo.uz. Unda O909HA davlat raqamiga ega qora Lacetti piyodalar o`tish yo`lakchasi ustida to`xtab turganini, ichida haydovchisi yo`qligini ko`rish mumkin.
Xabar muallifi taxmin qilishicha, ushbu avtomobil yo`l o`rtasiga to`xtagan yagona mashina bo`lmagan. «Haydovchi Lacetti’ni bu erda qoldirganida, atrofida boshqa mashinalar ham bo`lgan. Ular jo`nab ketgach, Lacetti yo`l o`rtasida yolg`iz bo`lib qolgan, shekilli», — deb yozadi foydalanuvchi.
Muallifning aniqlik kiritishicha, shu yo`l yoqasida tamaddixona bo`lib, bu erda mashinalarning deyarli yo`l o`rtasida qoldirib ketilishi odatiy holdir. U haydovchilarni o`z ulovlarini tamaddixonadan uzoq bo`lsa ham, to`xtash mumkin bo`lgan joyda qoldirishga chaqirdi.
«Ovqatlangandan keyin mashinagacha piyoda yurib borish sog`liq uchun ham foydali bo`ladi», — deya qo`shimcha qildi foydalanuvchi.
Postga fikr bildirganlar ko`pchilik uzoq piyoda yurishga erinishi tufayli mana shunday qoidabuzarliklar kelib chiqishini qoraladi.





