Avvalroq, Amerika Qo`shma Shtatlari harbiy aviasiya delegasiyasi O`zbekiston Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari qo`mondonligiga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi. Tashrif davomida mehmonlar O`zbekiston Harbiy-havo kuchlariga tegishli harbiy qismlardan birida joylashgan harbiy aerodromda hamkorlikdagi treninglar va parvozlarni amalga oshirdi.
Parvozlar turli iqlim sharoitlarida — tog`li va sahro, tungi ko`rish moslamalaridan foydalangan holda o`tkazildi.
Xorijlik harbiy mutaxassislar o`zlarining nazariy tajribalari bilan bo`lishganidan so`ng, o`zbekistonlik uchuvchilar olingan bilim va ko`nikmalarni amalda sinab ko`rdi. Buning uchun ikkita maxsus vertolyot tayyorlanib, hamkorlikda parvozlar amalga oshirildi.
Ta`kidlanishicha, juda past balandlikda kuchli kesishgan hududlarda parvozlarni amalga oshirish eng murakkab jarayon hisoblanadi. Bu kabi sharoitda uchish uchun katta tajribaga ega professional uchuvchilar tanlab olinadi. AQShdan kelgan harbiy uchuvchilar o`zbekistonlik uchunchilar yordamida baland tog` daralari ustidan parvoz qilib, mahalliy hududning ajoyib manzaralarni suratga olishga muvaffaq bo`ldi.
AQSh Qurolli kuchlari uchuvchisi podpolkovnik Bred Xouning qayd etishicha, tashrifdan maqsad — O`zbekiston bilan vertolyot va transport aviasiyasi sohasida uchuvchilarni tayyorlash sohasida hamkorlikni olib borish.
“O`zbekiston Harbiy-havo kuchlarining uchuvchilari boshqaruvida parvozlarni amalga oshirdik. To`g`risini aytaman, ular yuqorida darajadagi parvozlarni namoyish etdi. Missisipi shtatidan bo`lgan uchuvchilarimiz uchun bu haqiqiy master-klass. Bizda mashg`ulotlar asosan tekkis hududlarda amalga oshiriladi, shu sabab uchuvchilarimizning tayyorgarlik darajasini oshishi uchun sizning tajribangiz muhim ahamiyatga ega”, — deydi Xou.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






