AsosiyJamiyat

Xalqaro harbiy hamkorlik: O`zbekiston va Qozog`iston harbiylari birgalikda jangovar vazifani bajardi

'Xalqaro harbiy hamkorlik: O`zbekiston va Qozog`iston harbiylari birgalikda jangovar vazifani bajardi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, Qozog`iston Respublikasi Mudofaa vaziri boshchiligidagi harbiy delegasiya O`zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo`lib, ikki mamlakat o`rtasidagi harbiy hamkorlik va do`stona aloqalarni yanada mustahkamlash bo`yicha muzokaralar o`tkazilgan edi.

O`zbekiston va Qozog`iston Respublikasi Mudofaa vazirlari o`rtasida bo`lib o`tgan uchrashuvda ham harbiy sohada olib borilayotgan ikki tomonlama hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. Tadbirda qayd etilganidek, ikki davlat o`rtasida o`rnatilgan keng ko`lamli munosabatlarning mantiqiy davomi sifatida Toshkent harbiy okrugi “Chirchiq” dala-o`quv maydonida tashkil etilgan hamkorlikdagi o`quv mashg`ulotlari mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta`minlash, o`zaro tajriba almashishda muhim o`rin tutadi.

Mashg`ulotlar rejasiga ko`ra, chegaraoldi hududida g`arazli maqsadlarni ko`zlagan bir guruh noqonuniy qurollangan jangarilar mavjudligi haqida razvedka ma`lumotlari kelib tushgan. Ikki davlat harbiylaridan tarkib topgan maxsus bo`linmaga qo`yilgan vazifa jangari to`da joylashgan hududni aniqlash va ularni yo`q qilish. Dastlab yuqori qo`mondonlikdan kelib tushgan buyruqqa asosan, bo`linma komandirlari berilgan vazifani bajarish bo`yicha chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqishdi. Qidiruv-razvedka ishlari tungi vaqtlarda amalga oshirildi.

Jangarilar joylashgan hudud aniqlanib, har tomondan qurshab olindi va birlashgan bo`linma komandiri tomonidan aviasiya hamda qo`shimcha kuch vositalari yordamga chaqirildi.

Noqonuniy qurollangan jangarilar guruhini ishg`ol qilishda jangovar harakatlar olib borishning zamonaviy usul va vositalari qo`llandi. Birinchi bo`lib vertolyot aviasiyasi yordamida qo`shimcha yordam kuchlari arqondan osilib tushish va qo`nish usullari bilan shartli dushmanni har tomondan qurshab oldi. Shundan so`ng bir vaqtning o`zida zirhli texnikalar, minomyotchilar hisobi hamda barcha shaxsiy tarkib ishtirokida hujum boshlandi.

Shartli dushmanga ko`mak berish uchun boshqa hududda harkatlanayotgan qo`shimcha kuchlarga Mi-24 jangovar vertolyotlarida zarba berildi. Ishg`ol qilish mashg`ulotidan so`ng yig`ilganlarga parashyut yordamida desantlashtirish amaliyoti namoyish qilindi.

Maxsus-taktik o`quv mashg`ulotlari yakunlangach, Qozog`iston vakillariga harbiy sohada amaliyotga joriy etilayotgan yangi ishlanmalar, jangovar texnika va qurol-aslahalar namoyish qilindi.

Dala-o`quv maydonida harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligi va yashashi uchun yaratilgan sharoitlar ham qo`shni mamlakat harbiy delegasiyasi a`zolarini befarq qoldirmadi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

    Boshqa yangiliklar