Berlin shahrida O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Germaniyadagi O`zbekiston elchixonasi hamda vatandoshlar ko`magida bayram tadbiri tashkil etildi.
Ijtimoiy tarmoqlardagi “Germaniyadagi o`zbeklar” nomli guruh orqali taklif etilgan vatandoshlarimiz Berlin shahri markazidagi mashhur Brandenburg maydoniga to`planishdi. Ta`kidlash lozimki, Germaniyaning eng diqqatga sazovor joylaridan biri Brandenburg darvozalari hisoblanadi. Brandenburg darvozasi Berlinning Mitte tumanida joylashgan arxitektura yodgorligi hisoblanadi. Mazkur tarixiy yodgorlik 1788-1791 yillar bunyod etilgan bo`lib, Germaniyaga kelgan har bir sayyoh mazkur hududni ziyorat etishni kanda qilmaydi.
Berlindagi Brandenburg darvozalari oldida sayr qilish – sayyohlarning chinakam orzusi. Maydonda O`zbekiston filarmoniyasi “Sug`diyona” milliy cholg`ular kamer orkestri yoshlari ijrosida milliy kuy-qo`shiqlar yangradi, yig`ilganlar raqsga chorlandi. Tadbir Berlinning eng gavjum maydonlaridan birida tashkil etilgani sabab atrofdagi sayyohlarda katta qiziqish uyg`otdi. Shundan so`ng Brandenburg darvozasi oldida “O`zbekistonni bilasizmi?” nomli aksiya o`tkazildi, unda yig`ilganlarga yurtimiz haqidagi savollar berildi. Savollarga to`g`ri javob bergan kishilar hamda barcha vatandoshlarimizga Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan «Uzbekistan» yozuvi tushirilgan esdalik sovg`alari topshirildi.
Tadbir tashkilotchilari va Germaniyada istiqomat qiluvchi vatandoshlarimiz bilan bu kabi tadbirlarni kelgusida boshqa shaharlarda ham tashkil etish maqsad qilindi, zero bu kabi tadbirlar yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko`paytirish yo`lida xizmat qiladi. Shu o`rinda ma`lumot, mamlakatlarimiz o`rtasida turizm sohasida aloqalar jadal rivojlanib bormoqda. Keyingi yillarda Germaniyadan O`zbekistonga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni 4 baravarga oshdi. Joriy yilning 15 yanvaridan Germaniya fuqarolari uchun 30 kunlik vizasiz rejimning joriy qilinishi esa nemis sayyohlari sonining yanada ko`payishiga turtki beradi.






