AsosiyJamiyat

Qozon kooperativ instituti hamda Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti o`rtasida hamkorlik bitimi imzolandi

'Qozon kooperativ instituti hamda Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti o`rtasida hamkorlik bitimi imzolandi'ning rasmi

13 sentyabr kuni Qozon kooperativ instituti bazasida O`zbekiston madaniy-turistik markazi ochilishi bo`lib o`tdi. Markazni O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi raisi v.v.b. Abdulaziz Aqqulov, O`zbekistonning Qozondagi Bosh konsuli Fariddin Nasriev hamda Tatariston Respublikasi Turizm davlat qo`mitasi raisi Sergey Ivanovlar rasman ochib berishdi.

Tadbirda shuningdek Tatariston Respublikasi dilomatik korpus, vazirliklar va idoralari hamda RF TIV vakillari, shuningdek institut o`qituvchilari ishtirok etishdi. Markaz O`zbekiston va Tatariston o`rtasidagi do`stona aloqalarni mustahkamlash hamda ilm-fan, ta`lim va madaniyat tizimlarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yo`lida xizmat qiladi. Bu erda talabalar O`zbekistonning tarixi, madaniyati, milliy an`analari va turistik salohiyati bilan tanishishlari mumkin. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Markazga O`zbekiston va uning alohida hududlari, ularning tarixi, buyuk olimlariga oid ma`lumotlarni jamlagan ensiklopediya hamda qo`llanmalar foydalanish uchun taqdim qilindi.

"O`zbekiston bo`ylab sayohat qil!" promo-tadbiri doirasida Qozon kooperativ instituti hamda Samarqanddagi “Ipak yo`li” xalqaro turizm universiteti o`rtasida hamkorlik bitimi imzolandi. Hujjatda qo`shma anjumanlar, simpoziumlar, konferensiyalar, tadqiqotlar o`tkazish hamda o`zaro akademik almashinuvini yo`lga qo`yish ko`zda tutilgan. Mazkur bitimning imzolanishi turizm sohasida kadrlarni tayyorlashda o`zaro tajriba almashishga doir hamkorlikni mustahkamlash va birgalikdagi ilmiy-tadqiqot loyihalarini amalga oshirish yo`lida xizmat qiladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi delegasiyasi vakillari, shuningdek, Qozon kooperativ institutida ta`lim oluvchi o`zbekistonlik talabalar bilan uchrashuv o`tkazib, ularni yanada sifatli bilim olish hamda O`zbekistonga qaytgach, turizm sohasini rivojlantirishga hissa qo`shishga chorlashdi. Tadbir so`ngida Tatariston yoshlari O`zbekistonda yoshlar turizmini rivojlantirish, ular o`rtasida o`zaro bilim va tajriba almashish yo`lida yurtimizga taklif qilindi.

    Boshqa yangiliklar