Adliya vazirligining taklifiga asosan “Aholiga huquqiy axborotni etkazish va yuridik yordam ko`rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi...
Qaror bilan “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti tashkil etildi. Ushbu muassasa aholiga bepul huquqiy maslahat hamda amaliy huquqiy yordam ko`rsatadi. Buning uchun, har bir tuman (shahar)da bosqichma-bosqich “Madad”ning huquqiy maslahat byurolari tashkil etiladi.

Eslatib o`tish kerak, aprel oyida Adliya vazirligi tomonidan Advice.uz portali ishga tushirilgan bo`lib, unda jamiyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan asosiy huquqiy masalalar bo`yicha 1000 dan ortiq kontentlar joylashtirilgan.
Qarorda ta`kidlanishicha, “Madad” muassasasiga Advice.uz (e-maslahat.uz) portalini doimiy takomillashtirib borish vazifasi ham yuklandi.
Shuningdek, u quyidagi vazifalarni amalga oshiradi:
- fuqarolarga onlayn rejimda bepul huquqiy maslahat beradi;
- hududlarda maslahat byurolarini tashkil etish orqali fuqarolarga doimiy ravishda bevosita bepul huquqiy maslahat berib boradi;
- huquqiy maslahat berishga oid so`rovlarni tahlil qilgan holda qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
- huquqiy bilimlarini ijtimoiy-siyosiy o`zgarishlar bilan uyg`un ravishda oshirib borish ishlariga ko`ngillilarni jalb qiladi.






