Shvesiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz Stokgolm shahri markazidagi mashhur Drottninggatan maydoniga to`planishdi. Maydonda O`zbekiston filarmoniyasi “Sug`diyona” milliy cholg`ular kamer orkestri tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo`shiqlarimiz ijro etilib, yig`ilganlar raqsga chorlandi.
Ma`lumot uchun: Drottninggatan maydoni Stokgolm shahrining asosiy maydoni hisoblanib, Evropada “Qirolicha ko`chasi” nomi bilan tanilgan. Unda asosan yirik savdo markazlari joylashgan bo`lib, har kuni o`rtacha 16 ming sayyoh va mahalliy aholi tashrif buyuradi. O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Germaniyadagi O`zbekiston elchixonasi hamda vatandoshlar ko`magida tashkil etilgan ushbu PR-aksiya sayyohlarda katta qiziqish uyg`otdi.
Mazkur tadbir doirasida faol vatandoshlarimiz tomonidan “O`zbekistonni bilasizmi?” nomli so`rov o`tkazildi, unda yig`ilganlarga yurtimiz haqidagi savollar berildi. Savollarga to`g`ri javob bergan kishilarga “Uzbekistan” yozuvi tushirilgan esdalik sovg`alari topshirildi. “Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi bilan bu kabi tadbirlarni kelgusida boshqa shaharlarda ham tashkil etish maqsad qilindi, zero bu kabi tadbirlar yurtimizga tashrif buyuruvchi sayyohlar oqimini ko`paytirish yo`lida xizmat qiladi” – deydi Stokgolmdagi vatandoshimiz Abdurahmon Atakulov. Ta`kidlash joizki, bundan avval Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan Germaniya, Chexiya, Rossiya va BAAda maxsus piar-aksiyalar o`tkazildi.







