2019 yilning iyun oyiga qadar Quvasoy shahrida QQS to`lovchilar soni 87 ta bo`lgan bo`lsa, mamlakatimiz soliq tizimiga kiritilayotgan o`zgarishlar sabab ularning soni 184 taga etishi kutilyapti.
Bu haqida joriy yilning 18 sentyabr kuni Quvasoy shahar Davlat soliq inspeksiyasi tomonidan Quvasoy shahar hokimligi katta majlislar zalida tashkil etilgan seminarda batafsil axborot berildi.
Tadbirda Quvasoy shahridagi davlat idoralari rahbar va mas`ul xodimlari, fermer xo`jaliklari, benzin, dizel yoqilg`isi va gaz yoqilg`i quyish shahobchalari vakillari, tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub`ektlari ishtirok etdilar.
Respublikamizda olib borilayotgan soliq islohotlari, xususan, yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga ko`ra kiritilayotgan o`zgarishlar, shu bilan birga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 iyundagi PF-5755-sonli “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni mazmun-mohiyati xususida mutaxassislar tomonidan zarur axborotlar berildi.
Ma`ruzachilarning ta`kidlashicha, PF-5755-sonli Farmon mamlakatimizda 2018 yil iyun oyidan buyon amalga oshirilayotgan soliq islohotlarining ikkinchi bosqichi bo`lib, barcha uchun adolatli soliq tizimi yaratilishiga, bir-biriga bog`langan QQS zanjiri paydo bo`lishiga sabab bo`ladi.
Farmonga ko`ra, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, benzin, dizel yoqilg`isi va gazni yoqilg`i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste`molchilariga sotadigan yuridik shaxslar hamda tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub`ektlari, ushbu tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushumning miqdoridan qat`i nazar, qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchilari hisoblanadi.
– PF-5755 sonli Farmon talablari asosida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab shahrimizda QQS to`lash tartibiga o`tadigan tadbirkorlik sub`ektlarining ro`yxati shakllantirildi, - deydi Quvasoy DSI boshlig`i Nazirjon Polvonov. – Unga asosan yana 97 ta tadbirkorlik sub`ektlari – 40 ta yagona er solig`i to`lovchilari, 15 ta AYoQSh hamda 42 ta import faoliyati bilan shug`ullanuvchi sub`ektlar QQS to`lovchi sifatida ro`yxatga olinadi. Ayni kunga qadar ularning barchasi bilan individual ravishda uchrashildi, Farmon mazmun-mohiyati tushuntirildi.
– Men ko`p yillardan beri faoliyat yuritib kelayotgan tadbirkor sifatida aytishim mumkinki, soliq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, biz – tadbirkorlarni to`g`ri, halol ishlashimiz uchun imkoniyat yaratadi, - deydi Quvasoy shahridagi “Munis fayz mebellari” xususiy korxonasi rahbari A`zamjon Qosimov. – Misol uchun, 2019 yil 1 oktyabrdan QQS bo`yicha qator imtiyozlarning bekor bo`lishi, ko`pchilikning QQS to`lash tartibiga o`tishi barcha uchun adolatli soliq tizimini yaratishga xizmat qiladi, barcha uchun teng imkoniyatlar, teng raqobat muhiti yaratib beradi. Shu bilan birga, Prezidentimiz tomonidan berilgan topshiriqqa ko`ra, QQS stavkasini 20 foizdan 15 foizga tushirish bo`yicha ko`rilayotgan chora-tadbirlar tadbirkorga qo`shimcha imkoniyatlar beradi. O`ylashimcha, bunday jarayon iqtisodiyotning soyadan chiqishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, seminarda 2019 yil 6 sentyabrdagi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni ham muhokama etilib, unga ko`ra, savdo (xizmat ko`rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va naqd pulsiz shaklda amalga oshirilgan hisob-kitoblar to`g`risidagi ma`lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo`lgan ma`lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalar onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etiladi.
Tadbirkorlik sub`ektlari onlayn nazorat-kassa mashinalari yoki virtual kassadan foydalanishga o`tgan taqdirda qator qulaylikdar va imkoniyatlar berilishi ma`ruzachilar tomonidan ta`kidlandi.
Bundan tashqari, sentyabr oyi boshida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi e`lon qilinganligi, unga muvofiq, 2020 yildan boshlab biznes sub`ektlari asosiy vositalarni bir martalik hisobga olish va QQS bo`yicha ortiqcha miqdorni qaytarish huquqiga ega bo`lishi haqida mutaxassilar tomonidan axborot berildi.
Farg`ona viloyati Davlat soliq boshqarmasi
Matbuot xizmati