Salomatlik – tabiat ne`matlarining eng aziz va eng qadrlisi. O`zingiz, oila a`zolaringiz sog`-salomatmi, demak dunyodagi eng baxtli insonsiz. Shunday ekan, ishingiz barori, omadingiz garovi bo`lgan salomatlikni asrash hamisha nazoratingiz ostida bo`lsin. Yashnaobod tumanidagi «Olmos» mahallasida amalga oshirilgan salomatlik tadbiri aynan shu masalaga bag`ishlandi.
Havo hujumidan mudofaa qo`shinlari va Harbiy havo kuchlari qo`mondonligi, Toshkent va Chirchiq harbiy prokuraturasi hamkorligida uyushtirilgan tadbir harbiy xizmatchilar oila a`zolarining ijtimoiy himoyasini ta`minlashga, ya`ni salomatliklari nazoratiga qaratildi.
«Sog`lom avlod uchun» hukumatga qarashli bo`lmagan xayriya fondi va Yashnaobod tumani 31-sonli oilaviy poliklinika shifokorlari ishtirokida o`tkazilgan tibbiy ko`rikda «Olmos» mahallasida istiqomat qilayotgan harbiy oila bekalari va farzandlari chuqurlashtirilgan tibbiy tekshiruvdan o`tishdi.
Malakali tibbiyot xodimlari va zamonaviy tibbiyot uskunalari orqali o`tkazilgan tibbiy-ko`rik yuzlab onalar va bolalar salomatligini asrashda muhim ahamiyat kasb eganiga shubha yo`q.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti