«Markaz – 2019» qo`mondonlik-shtab strategik o`quvlari o`tkazishga hozirlik ko`rayotgan o`zbekistonlik va tojikistonlik harbiylar «G`urumsaroy» dala-o`quv maydonida tayyorgarlik jarayonlarini boshlab yubordi.
Mashg`ulot rejasiga asosan, noqonuniy qurollangan jangarilar guruhi Tojikiston va O`zbekiston chegarasida harakatlanayotgani haqida razvedka ma`lumotlari kelib tushgan. Shartli dushmanning qaysi davlat hududida ekanligi noaniqligi sabab ikki davlat harbiylari chegara tumanida bir vaqtda razvedka-qidiruv ishlarini boshlagan holda harakatlanadi.
Maxsus-taktik operasiya davomida ikki davlat bo`linmalari harbiy aviasiya, engil zirhlangan mashinalar va artilleriya qo`shinlari ko`magida jangarilar to`dasini butkul yakson qilishi lozim. Ta`kidlash joizki, mazkur o`quv O`zbekiston va Tojtkiston harbiylariga chegara hududlarida birgalikda maxsus-taktik amaliyotlarni olib borish, terroristik xavf-xatarlarni bartaraf etish bo`yicha o`zaro tajriba almashish imkoniyatini beradi.
Mashg`ulot o`tkazilgan maydonda taktik o`quvlarning samaradorligini oshirish uchun shartli chegara hududi tashkil etildi. O`quv oldi mashg`ulotida bo`linmalar o`zaro uyushqoqlik bilan harakat qilganligi shartli terrorchilarni yo`q qilish operasiyasi samaradorligini oshirmoqda.
Ushbu o`quv mashg`ulotining ahamiyatli jihatlaridan yana biri – qo`shni davlat harbiy xizmatchilariga yurtimizning qadimiy tarixi, betakror tabiati bilan tanishish imkoniyati ham yaratilganida. Mehmonlar Qo`qon shahridagi Xudoyorxon saroyi, “Buyuk allomaar” muzeyida bo`ldilar. Taassurotlarga boy o`tgan ekskursiyadan so`ng mehmonlarga Qo`qon shahrining san`at vakillari tomonidan tayyorlangan konsert dasturi namoyish qilindi.
Shuningdek, “G`urumsaroy” dala-o`quv markazida ham mehmonlarning ko`ngilli dam olishlarini ta`minlash, ikki davlat harbiylari o`rtasida do`stona aloqalarni mustahkamlash maqsadida har oqshom vodiyning xushovoz xonandayu mohir sozadalari tomonidan badiiy kechalar tashkil etilmoqda.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






