Rossiyaning «Transmashxolding» kompaniyasi tarkibiga kiruvchi «Metrovagonmash» AJ Toshkent metropoliteni uchun 81-765.5/766.5/767.5 modelidagi 5 ta poezd tarkibini jo`natdi. Bu haqda «Transmashxolding» matbuot xizmati xabar berdi.
Poezdlarni tantanali jo`natilishi marosimida O`zbekistonning Rossiyadagi elchisi Botirjon Asadov, «Toshkent metropoliteni» korxonasi rahbari Oybek Xudoyqulov, Rossiya «Tashqi savdo banki» bosh boshqaruv direktori Igora Shabanov, «Metrovagonmash» bosh direktori Boris Bogatirev ishtirok etdi.
Poezdlarni Toshkent metrosiga etkazish bo`yicha shartnoma 2018 yilning oktyabrida imzolangan edi. Har bir poezd 4 ta: ikkita bosh motorli, bitta oraliq motorli, bitta oraliq motorsiz vagondan tashkil topgan. Vagonlarning ishlash muddati 30 yilni tashkil qiladi. Poezdlar ishlab chiqarilgan zavod Toshkent metrosini ushbu seriyadagi metro vagonlariga texnik xizmat ko`rsatish uchun zarur bo`lgan ehtiyot qismlar va materiallar bilan ta`minlaydi va xizmat ko`rsatuvchi xodimlarga maslahatlar beradi.
Ta`kidlanishicha, Toshkent metrosi uchun mo`ljallangan yangi poezdlar vagonlarida bir qator texnologik innovasiyalar amalga oshirilgan. Jumladan, vagonlar ochiq o`tish joyi, avvalgi modellarga qaraganda kengroq eshiklar (1,4 metr) hamda eshiklar ochilib-yopilishidan ogohlantiruvchi yorug`lik tizimiga ega. Yangi avloddagi vagonlar uchun shovqinni yutuvchi g`ildiraklar ishlab chiqilgan. Vagonlarni yig`ishda ekologik toza materiallardan foydalanilgan. Ular ichida shovqin va issiqlikdan ishonchli himoya ta`minlangan. Bosh vagonlarda nogironlar aravasi uchun joylar ko`zda tutilgan. Salonlarda shamollatish, havoni sovitish va zararsizlantirish tizimlari o`rnatilgan.
Ushbu modeldagi vagonlar 2017 yil boshidan Moskva metrosi uchun «Moskva» nomi bilan ishlab chiqarilgan edi. Toshkent metrosi uchun esa buyurtmachi talablariga muvofiq yangilangan modifikasiyadagi tarkiblar ishlab chiqildi.
Toshkent metropoliteni va «Metrovagonmash»ni uzoq yillik o`zaro manfaatli hamkorlik birlashtiradi. Korxona tomonidan Toshkent metrosi uchun 197- yilda 20 dan ortiq poezd etkazib berilgan.






