O`zbekistonda sababsiz darsga qatnamaydigan o`quvchilarning ota-onalariga nisbatan ma`muriy javobgarlik belgilanadi. Bu haqda 2019 yil 23 avgust kuni Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o`qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to`g`risida kengaytirilgan tarzda o`tkazilgan yig`ilish bayonida aytilgan.
Qayd etilishicha, Xalq ta`limi vazirligi:
Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ijtimoiy hamda mobil operatorlar tarmoqlari orqali ota-onalarning o`z farzandi tarbiyasidagi mas`uliyatini oshirishga qaratilgan ijtimoiy xabarlarni yuborishni joriy qiladi;
2019 yil 1 noyabrga qadar tajriba-sinov tariqasida Toshkent shahridagi umumta`lim muassasalarida o`quvchilar davomatini nazorat qilish elektron axborot tizimini joriy etadi va ushbu loyihani moliyalashtirishni xususiy sektor investisiyalari yoki davlat-xususiy sherikligi asosida amalga oshirilishini ta`minlaydi;
tajriba-sinov natijasidan kelib chiqib, 2020 yil 1 martga kadar umumta`lim maktablarida davomatni nazorat qilishning yagona elektron tizimini bosqichma-bosqichma joriy etish orqali sababsiz darsga qatnamaydigan o`quvchilarning ota-onalariga nisbatan ma`muriy javobgarlikni belgilash maqsadida tegishli me`yoriy-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritadi.
Bosh prokuratura, Adliya vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi 2020 yil 1 martga qadar ota-onalarning bola tarbiyasi uchun mas`uliyatini kuchaytirish va javobgarligini oshirish, shuningdek o`qituvchi sha`ni, qadr-qimmati va obro`siga putur etkazuvchi harakatlar sodir etgan shaxslarga nisbatan javobgarlikni kuchaytirish va tegishli jazo choralarini qo`llash mexanizmlarini soddalashtirish maqsadida tegishli me`yoriy-huquqiy hujjatlarga o`zgartirishlar kiritish yuzasidan choralar ko`radi.