Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Respublikada onkogematologik va boshqa o`tkir kasalliklarning profilaktikasi, tashxis qo`yilishi va davolashning moliyalashtirilishini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi prezident qarori loyihasi e`lon qilindi.
Qayd etilishicha, O`zbekiston Respublikasining “Iste`molchilarning huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi Qonunining 4-moddasiga binoan, iste`molchilar hayoti, sog`lig`i uchun xavfli nuqsoni bo`lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar) natijasida etkazilgan zararning to`liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega ekanligi, shuningdek ushbu Qonunning 20-moddasiga binoan iste`molchining hayoti va sog`lig`iga etkazilgan zarar sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim.
O`zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi va Sog`liqni saqlash vazirligi, shuningdek ko`ngilli guruhlarning davlat muassasasi shaklida O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Onkogematologik va boshqa o`tkir kasalliklarga chalingan kasallarni moliyalashtirish uchun maxsus jamg`arma tashkil etish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.
Jamg`armaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
onkogematologik va o`tkir kasalliklarning boshqa turlariga chalingan bolalar va yoshlarni davolash va reabilitasiya qilish uchun mablag` to`plash;
saraton va gematologik klinikalarga yordam berish;
kasal bolalarning muammolariga jamoatchilik e`tiborini jalb qilish;
beg`araz qon topshirishni rivojlantirishga ko`maklashish;
kasal bolalarga ijtimoiy va psixologik yordam ko`rsatish;
bolalar saraton hamda gematologik klinika va markazlar qoshidagi ko`ngilli guruhlar ishiga ko`maklashish.
Jamg`arma mablag`larini shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilangan:
alkogolli mahsulotlar, tarkibida shakar miqdori yuqori bo`lgan alkogolsiz salqin ichimliklar, alkogolsiz yoki kam alkogolli energetik ichimliklarni olib kirish va sotish uchun solinadigan yig`imlardan kelib tushadigan mablag`lar;
tayyor tamaki mahsulotlarni (sigaretalar), chilim, elektron sigaretalar uchun tamakilarni, tamaki o`rnini bosuvchilarni olib kirish va ishlab chiqarish (sotish) uchun solinadigan yig`imlardan kelib tushadigan mablag`lar;
oziq-ovqat mahsulotlarni tarkibida yog`lar, tuz va qand miqdori yuqori bo`lgan mahsulotlarni olib kirish va ishlab chiqarish (sotish) uchun solinadigan yig`imlardan kelib tushadigan mablag`lar;
tungi klublar sifatida (restoranlar, kafe, pablar, barlar) faoliyat yuritayotgan korxonalarning tushumidan ajratmalar;
jismoniy shaxslar va tadbirkorlik sub`ektlarining respublikada ishlab chiqarilgan (shu jumladan, katta blokli yig`ish usulida) va importdan olib kirilgan transport vositalarining 20 ming AQSh dollari va undan ortiq qiymatidan kelib tushadigan yig`imlar;
jismoniy shaxslar tomonidan turar-joy binolarining umumiy maydoni 200 kv.m.dan yuqori bo`lgan ko`p qavatli uylar va 500 kv.m.dan yuqori bo`lgan yakka tartibdagi uylarni sotib olish jarayonidagi yig`imlar;
xalqaro institutlar va tashkilotlar, yuridik va jismoniy shaxslarning pul va (yoki) boshqa mol-mulk shaklidagi grant mablag`lari va homiylik xayriyalari;
xayriya xayr-ehsonlarni yig`ish uchun o`tkazilgan xayriya, madaniy, sport va boshqa ommaviy tadbirlarni o`z ichiga olgan xayriya tashkilotlari va ko`ngillilarni jalb qilish kampaniyalaridan kelib tushadigan tushgan mablag`lar;
Jamg`armaning vaqtincha bo`sh mablag`larini tijorat banklariga joylashtirishdan olingan daromadlar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa daromadlar.
O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi “O`zstandart” agentligi, Davlat bojxona qo`mitasi va Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi bilan birgalikda yig`im solinadigan tovarlar nomenklaturasini tasdiqlaydi.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Onkogematologik va boshqa o`tkir kasalliklarga chalingan kasallarni moliyalashtirish uchun maxsus jamg`armaga ajratmalar miqdori tasdiqlanadi.
Belgilanishicha, Jamg`armaga ajratmalar xo`jalik yurituvchi sub`ektlarining soliq solinadigan bazasiga kiritilmaydi va QQSsiz tovarlarning yakuniy qiymatidan hisoblab chiqiladi.
Jamg`armaga ajratmalar miqdori quyidagi hollarda majburiy tartibda:
tungi klublar tomonidan iste`molchiga taqdim etiladigan hisob-kitob hujjatida (chek, kvitansiya va boshqalar);
ko`rsatilgan tovarlarni ishlab chiqaruvchilar tomonidan xaridorlar bilan tuziladigan shartnomalarda (hisobvaraq-fakturalar) ko`rsatiladi.
Belgilanishicha, Jamg`arma mablag`lari faqatgina quyidagilar uchun:
onkogematologik va boshqa o`tkir kasalliklarga chalingan kasallarni (birinchi navbatda, to`lovga layoqatsiz oilalardagi bolalar) tashxis qilish, reabilitasiya qilish, davolash, operasiyalari xarajatlari, shu jumladan chet el davlatlarida transport va boshqa xarajatlarni hisobga olgan holda moliyalashtirish;
saraton va gematologik davlat klinikalari tomonidan tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar, reaktivlar, xarajat materiallari va boshqa vositalarni sotib olish xarajatlarini beg`araz moliyalashtirish;
kasalliklar profilaktikasi va aholi salomatligini saqlash sohasidagi faoliyatga, shuningdek sog`lom turmush tarzini targ`ib qilishga ko`maklashish;
fuqarolarga ma`naviy va psixologik yordam ko`rsatish;
onkogematologik va boshqa o`tkir kasalliklarni tashxis qilish, davolash, reabilitasiya qilish bilan bog`liq boshqa maqsadlar uchun foydalaniladi.