2-Respublika tibbiyot kolleji yotoqxonasi binosi va inshootlari yondosh hududlari bilan birgalikda beg`araz asosda Toshkent Xalqaro Vestminster universitetiga beriladi, deb xabar bermoqda «Daryo» nashri UzReport'ga asoslanib.
Tegishli qaror 2014 yil 16 dekabrda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti talabalarining o`qishi va turar-joyi uchun qo`shimcha sharoitlarni yaratish maqsadida qabul qilindi. Hujjat Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va universitet tomonidan ishlab chiqilgan universitet infratuzilmasini yanada kengaytirish dasturi tasdiqlandi.
Dasturga binoan, universitet to`lov-kontrakt asosida o`qitish hisobidan tushadigan o`z mablag`lari, byudjet ssudalari, xayriya va qonunchilik tomonidan taqiqlanmagan boshqa mablag`lar evaziga yotoqxona binosini kapital ta`mirlashi va jihozlashi, uning hududida muhandislik-kommunal inshootlarni qurishi va hududni obodonlashtirishi ko`zda tutilgan.
O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga universitetning asoslangan arizasiga binoan dasturni amalga oshirish uchun 3 milliard so`m miqdorida foizsiz byudjet ssudasi ajratilishi topshirildi. Ushbu ssuda 2016 yildan boshlab 3 yil muddatda bosqichma-bosqich qoplanishi ko`zda tutilgan. Dastur amalga oshirilishi uchun ishlatiladigan barcha mahsulotlar 2016 yil 31 dekabrgacha bojxona to`lovlaridan (bojxona yig`imlaridan tashqari) ozod qilinadi.