AsosiyJamiyat

Yong`in xavfsizligi oyligi natijasida 36 nafar rahbar xodim ishdan bo`shatildi, 1.5 ming nafariga esa intizomiy jazo ko`rildi

Avval xabar berilganidek, mamlakatimizda 2014 yilning 20 noyabridan 20 dekabriga qadar yong`in xavfsizligi oyligi o`tkazildi.  
Oylik davomida aholi, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari o`rtasida yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, yong`inlarning oldini olish borasidagi zarur chora-tadbirlar yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi, deya xabar bermoqda O`zA. Aholi gavjum joylar, serqatnov ko`chalarda reklama vositalari orqali yong`in xavfsizligi qoidalariga rioya etish keng targ`ib etildi. Tashkilot va muassasalarda 48 mingdan ziyod yong`in xavfsizligi burchagi tashkil etildi.
Bolalar va yoshlar ishtirokida yong`in xavfsizligini ta`minlashga oid mashg`ulotlar o`tkazildi. Ularda favqulodda holatlarda, xususan, yong`in ro`y berganda qanday yo`l tutish, zaxira chiqish yo`llaridan foydalanish mashqlar orqali o`rgatildi. Farzandlarimizning bu boradagi bilim va ko`nikmasini mustahkamlash maqsadida uch mingga yaqin viktorina va tanlov o`tkazildi.
Yong`in natijasida yuzaga kelgan ko`ngilsizliklarning oldini olish va fuqarolar yashash joylarida qonunchilikni mustahkamlash maqsadida davlat yong`in xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan oylik davomida uch milliondan ziyod aholi turar joylari, jumladan, 26 mingdan ortiq ko`p qavatli uyning yong`inga qarshi holati tekshirildi. Aniqlangan kamchiliklarning aksariyati zudlik bilan bartaraf etildi va bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Yong`in xavfsizligi qoidalarini buzayotgan va davlat yong`in nazorati organlarining yozma ko`rsatmalarini bajarmayotgan o`n mingga yaqin mas`ul shaxs tegishli tartibda ma`muriy javobgarlikka tortildi. 1,5 ming rahbar va javobgar shaxs intizomiy jazo olgan bo`lsa, 36 nafari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Ko`rilayotgan choralar va amalga oshirilgan tadbirlar natijasida sodir bo`layotgan yong`inlar o`tgan yilning shu davriga nisbatan 23,9 foizga, fuqarolarning tan jarohati olishi 83,3 foizga, halok bo`lishi 5,6 foizga kamayishiga erishildi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar