AsosiyJamiyat

«Toshkent» xalqaro aeroportiga ikkinchi «Boeing-767-300BCF» samolyoti kelib qo`ndi

«Toshkent» xalqaro aeroportiga «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi uchun yo`lovchi tashishdan yuk tashishga qayta jihozlangan ikkinchi «Boeing-767-300BCF» samolyoti kelib qo`ndi, deya xabar qilmoqda O`zA.
Bugun «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi xalqaro aviatashishlar bozorida etakchi o`rinni egallab turibdi va qisqa vaqt ichida qit`aning ishonchli hamda jadal rivojlanib borayotgan aviakompaniyalari qatoriga qo`shildi. Prezidentimiz Islom Karimovning har tomonlama qo`llab-quvvatlayotgani samarasida sohada keng ko`lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, jahon standartlariga mos, zamonaviy moddiy-texnik baza va yuqori malakali xodimlarga ega qudratli fuqaro aviasiyasi tashkil topdi.
Milliy aviakompaniyadan olingan ma`lumotlarga ko`ra, ushbu yuk samolyoti ham birinchisi kabi «O`zbekiston havo yo`llari» milliy aviakompaniyasi va «Boeing» kompaniyasi o`rtasida tuzilgan shartnomaga binoan ikkita yo`lovchi tashuvchi «Boeing-767-300ER» samolyotini yuk tashish uchun mo`ljallangan «Boeing-767-300BCF» havo kemasiga qayta jihozlash loyihasini amalga oshirish doirasida tayyorlangan. Xalqaro amaliyotdan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, yo`lovchi laynerlarini yuk tashuvchi samolyotlarga qayta jihozlash havo kemalaridan samarali foydalanishni davom ettirishga yordam beradi.
Bu loyiha mamlakatimiz hukumatining moliyaviy yordamida amalga oshirildi. Loyihaning maqsadi «Navoiy» aeroporti bazasida xalqaro intermodal logistika markazini rivojlantirish, milliy aviakompaniyamizning yuk tashish hajmini oshirish uchun xalqaro talablar va standartlarga javob beradigan zamonaviy yuk tashuvchi samolyotlar parkini tashkil etishdir.
Dastlab ushbu samolyotlar uskunalari «Uzbekistan Airways Technics» korxonasida qayta montaj qilindi – yo`lovchi o`rindiqlari va boshqa tarkibiy qismlar olib tashlandi. So`ngra bu havo kemalari Singapurdagi «SASCO» kompaniyasining aviata`mirlash bazasida «Boeing» kompaniyasi tomonidan qayta jihozlandi.
Ikkinchi «VS Boeing-767-300BCF» samolyotini qayta jihozlash ishlari jadval bo`yicha yakunlandi va avialaynerni tegishli tekshiruvlardan so`ng Milliy aviakompaniyamiz mutaxassislari qabul qilib oldi.
Qayta jihozlangan yuk tashuvchi laynerlarda «Navoiy» xalqaro aeroportidan Dubay, Tyan-Szin, Frankfurt, Dehli va boshqa shaharlarga haftasiga o`rtacha 13 marta havo qatnovini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. 53 tonnagacha yuk tashish imkoniyatiga ega ushbu havo kemalarining shovqin chiqarish bo`yicha to`rtinchi daraja sertifikatiga egaligi (Stage 4 Noise Level) ularga tungi vaqtda uchish cheklangan aeroportlarda ham uchish-qo`nish imkonini beradi. 

    Boshqa yangiliklar