O`zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan Prezidentimiz ilgari surgan beshta muhim tashabbus ijrosini ta`minlash maqsadida ilm-fan, sport, san`at va madaniyatga oid “Modul 5” loyihasini yoshlar orasida keng targ`ib etish rejalashtirilgan.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashida “Modul 5” loyihasining ilk qahramoni, professional ringda muvaffaqiyatli janglar o`tkazayotgan charm qo`lqop ustasi Shahram G`iyosov bilan uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda yoshlar nufuzli musobaqalar g`olib va sovrindori bo`lgan Sh.G`iyosovning ushbu g`alabaga erishishga qadar bosib o`tgan yo`li, qiyinchiliklari va faoliyati haqida o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
– Uchrashuvda sevimli bokschimiz Shahramning g`alaba nashidasi ortida katta qiyinchiliklar, sabr va matonat yotganini bilib oldik, – deydi Inomjon Mahmudov. – Men ham sport bilan shug`ullanaman. Ushbu uchrashuv meni yanada ruhlantirdi va Shahram akamga o`xshagan chempion bo`lishni o`z oldimga maqsad qilib qo`ydim.






