Joriy yilning 25 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi FVV Yong`in xavfsizligi institutida «Yong`inlar bilan bog`liq jinoyatlarni aniqlash va tergov qilishda nazariy va amaliy bilimlardan foydalanish muammolari» mavzusidagi davra suhbati o`tkazildi.
Tadbirda O`zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi «Dastlabki tergov va kriminalistika» kafedrasi katta o`qituvchisi, podpolkovnik Azamat Tajiev, O`zbekiston Respublikasi IIV Tergov departamenti katta tergovchisi, mayor Otabek Bozorov, Toshkent davlat yuridik universiteti «Fuqarolik prosessual va iqtisodiy prosessual huquqi» kafedrasi o`qituvchisi Abdumurad Xakberdiev, Adliya vazirligi huzuridagi Xadicha Sulaymanova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi Yong`in-texnik laboratoriya mudiri Yakub Rustemov, O`zbekiston Respublikasi FFV YoXBB katta muxandisi, mayor Muxiddin Saidov hamda Yong`in xavfsizligi bosh boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Fuqaro muhofazasi instituti professor-o`qituvchilari, Yong`in xavfsizligi instituti professor-o`qituvchilari va kursantlari ishtirok etdi.
Ushbu davra suhbatini o`tkazishdan maqsad – Respublikamizda sodir bo`layotgan yong`inlar bilan bog`liq jinoyatlarni aniqlash va tergov qilish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammolarni nazariy va amaliy bilimlardan foydalanish orqali echimini topish hamda yong`inlar bilan bog`liq jinoyatlarni aniqlashda davlat yong`in nazorati organlarining ichki ishlar organlaridagi surushtiruv va tergov xizmatlari bilan o`zaro hamkorliklarini yanada mustahkamlashdan iborat.

Davra suhbatida Yong`inlar bilan bog`liq jinoyatlarni tergov qilishda nazariy va amaliy bilimlardan foydalanish muammolari, yong`inlar bilan bog`liq jinoyatlarni tergov qilish taktikasi, o`t qo`yish orqali mulkni qasddan nobud qilish bilan bog`liq yong`inlar tadqiqoti hamda yong`in bilan bog`liq jinoyat ishlarini tergov qilishda ish holatidan kelib chiqqan holda sud yong`in–texnikaviy, sudga oid kimyoviy, sud qurilish-texnikaviy, sud-tovarshunoslik, portlash texnikasi ekspertizalari, shuningdek, ish holatidan kelib chiqib, boshqa turdagi ekpertizalar tayinlanishi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.
Ta`kidlanishicha, avvalgi qonunchilimizda Jinoyat prosessual kodeksining 38-moddasining 5-qismiga asosan, Davlat yong`in nazorati organlari – yong`inlarga doir va yong`inga qarshi qoidalarni buzganlikka doir ishlar bo`yicha surishtiruv organlari hisoblangan, hozirda esa Davlat yong`in nazorati organlarida har bir sodir bo`lgan yong`in bo`yicha mufassal tergovga qadar tekshiruv ishlari olib boriladi.
Farhodjon Xojaev, Yong`in xavfsizligi instituti OAV bilan ishlash bo`yicha katta inspektor, kapitan.






