AsosiyJamiyat

AGTKS, AGQS va AYoQSlar hududida sanitariya-gigiena va savdo shoxobchalari quriladi

'AGTKS, AGQS va AYoQSlar hududida sanitariya-gigiena va savdo shoxobchalari quriladi'ning rasmi

Aholi va sayyohlar uchun qo`shimcha qulay sharoit yaratish, iste`molchilar huquqlari himoya qilinishini ta`minlash, shuningdek avtomobillarga gaz to`ldirish kompressor stansiyalari (AGTKS), avtomobillarga gaz quyish stansiyalari (AGQS) va avtomobillarga yoqilg`i quyish stansiyalari (AYoQS)ni zamonaviy talablarga muvofiq jihozlash va moslashtirish maqsadida 2019 yil 21 sentyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 793-sonli “Yo`l bo`yi va turistik infratuzilmani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko`ra, AGTKS, AGQS va AYoQS hududida qonun hujjatlari talablariga muvofiq savdo shoxobchalari, maishiy xizmat ko`rsatish shoxobchalari, tez ovqatlanish shoxobchalari va bepul Wi-Fi zonalarini tashkil qilish tavsiya etildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi axborot xizmati ma`lumot berdi.

Qarorda qayd etilishicha, 2020 yilning 1 martiga qadar jamoat maqsadlariga mo`ljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beruvchi sanitariya-gigiena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYoQSlarning faoliyat ko`rsatishiga yo`l qo`yilmaydi. Hujjat bilan AGTKS, AGQS va AYoQSlarda senitariya-gigiena shoxobchalarini jihozlash va ularning mavjudligini o`rganish hamda monitoringini yo`lga qo`yishga yo`naltirilgan respublika va hududiy ishchi guruhlari tashkil etildi. Hududiy ishchi guruhlar 2019 yil 15 noyabrgacha AGTKS, AGQS va AYoQSlarni ularning moliyaviy xo`jalik faoliyatiga aralashmasdan, ularda sanitariya-gigiena shoxobchalarining mavjudligi hamda sanitariya va shaharsozlik normalari talablariga muvofiqligi bo`yicha to`liq xatlovdan o`tkazadi.

Sanitariya-gigiena shoxobchalarini obodonlashtirishga doir talablarni bajarmagan va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etmagan stansiyalarga gaz va neft mahsulotlarini etkazib berish to`xtatiladi, shuningdek lisenziyasini bekor qilinishga doir choralar ko`rilishi mumkin. 2020 yil 1 martga qadar AGTKS, AGQS va AYoQSlar hududida sanitariya va shaharsozlik normalari hamda qoidalariga javob beruvchi sanitariya-gigiena shoxobchalarini jihozlash to`liq yakunlanadi. 2020 yilning 1 sentyabriga qadar esa hududlarda savdo va maishiy xizmat ko`rsatish, tez ovqatlanish shoxobchalari, Wi-Fi zonalari va sanitariya-gigena uzellari bilan ta`minlangan bittadan namunaviy AYoQS, AGQS va AGTKSlar tashkil etilishi lozim.

    Boshqa yangiliklar