O`zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasida «Harbiy-pedagogik faoliyatni takomillashtirishning muhim masalalari» mavzusida respublika ilmiy-amaliy seminari bo`lib o`tdi.
Unda akademiya o`qituvchi-professorlari, fan nomzodlari, respublikamizning etakchi oliy ta`lim muassasalarining o`qituvchilari harbiy ta`limga oid o`z chiqishlari bilan ishtirok etdi. Seminarda harbiy ta`limni takomillashtirish mudofaa ta`minotining asosi ekanligi alohida qayd etildi.
– Biz harbiy ta`limning qanchalik yuqori darajasiga erishsak, mamlakatimiz mudofaasi ham shunchalik mustahkam bo`ladi. Chunki bugungi oliy harbiy ta`lim dargohlarida tarbiyalanayotgan kursantlar ertaga ona Vatanimiz himoyachisiga aylanadi. Shu bois ta`lim sifatiga o`ta jiddiy va mas`uliyat bilan qarashimiz lozim, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi boshlig`ining birinchi o`rinbosari polkovnik Iqboljon Abdurahmonov.
O`zbek ofiserining ma`naviy qiyofasini shakllantirishda aynan nimalarga ahamiyat berish kerakligi mavzuidagi chiqish ko`pchilikda qiziqish uyg`otdi. Seminar qizg`in bahs-munozaralarga boy bo`lganini ham alohida e`tirof etish darkor.
Ma`lumot o`rnida shuni aytish mumkinki, bugungi kunda akademiyada 100 ga yaqin doktorant va mustaqil izlanuvchilar harbiy san`atning dolzarb muammolari bo`yicha dissertasiya tadqiqotlarini olib bormoqda. 2018-2019 o`quv yilida akademiyaning 6 nafar ofiseri dissertasiya tadqiqotlarini muvaffaqiyatli himoya qilib, «Harbiy fanlar bo`yicha falsafa doktori (PhD)» ilmiy darajasiga ega bo`ldi. Bugun akademiya o`qituvchilar tarkibida 100 dan ortiq fan doktori va fan nomzodlari kursantlarga ta`lim-tarbiya berib kelmoqda.
Seminar so`ngida O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan ishtirokchi ustozlar samimiy qutlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti






