Toshkentda IIBBning 50 nafar xodimi bodi-kameralar vositasida faoliyat boshladi, deb xabar bermoqda Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati.
Ularning 32 nafari YHXB YPX inspektorlari va 18 nafari patrul-post xizmati xodimlaridir. Bodi-kameralar 19 sentyabrdan test tariqasida ishga tushirilgan.
Keyinchalik Toshkent shahar ichki ishlar organlarining barcha bo`linmalari, ular qatorida qo`lga olingan, hibsga olingan va ayblangan shaxslarni, shuningdek, ma`muriy qamoq qo`llanilgan shaxslarni konvoylash va etaplash bilan shug`ullanuvchi xodimlarning faoliyatida ham bodi-kameralardan foydalanish yo`lga qo`yiladi. Shu tarzda keyingi yilning boshiga qadar xizmat davomida bodi-kameralarni ishlatish, ma`lumotlarni mobil uzatish, qayta ishlash, saqlash va tahlil qilish, jarayonni xizmat olib borish davomida nazorat qilish bo`yicha amaliy ko`nikma hosil bo`ladi.
O`zbekistonda YPX xodimlarining bodi-kameralar bilan faoliyat yuritishi 2020 yilning 1 yanvaridan boshlanadi.
Bodi-kameralar haqida nimalarni bilish zarur?
Bodi-kamera moslamasi audio va videokontentni (FullHD formatida) yozish va markazlashmagan tarzda saqlash, keyinchalik ko`rib chiqish, favqulodda vaziyatlarda markazlashgan dispetcherlik xizmatiga «havotir» signalini etkazish, real vaqt rejimida mobil guruhlarning joylashuvlari va faoliyatlarinin masofadan turib monitoring qilish imkoniyatini beruvchi moslamadir. Qiziqarlisi, bodi-kamera moslamasi infraqizil yoritish qurilmasi bilan jihozlangan bo`lib, ushbu qurilma tungi vaqtda ham o`n metrlik masofani yoritib, videoga olib borish imkoniyatini beradi.
Xodimda kontentni yozish jarayoniga aralashish, uni tahrir qilish va o`chirish imkoniyati yo`q: kamera, xodim uni qabul qilish vaqtidan boshlab, qaytarib topshirgunga qadar videoga olib boradi. Moslama korpusi ochilmasligi uchun maxsus himoya bilan jihozlangan.
Shuningdek, moslama yordamida radioaloqaga chiqish imkoniyati bo`lib, ushbu imkoniyat xodimlarni rasiyadan xalos qiladi.
Yozuvlar natijasi maxsus serverda bir oy davomida saqlanadi. Bodi-kameralarni ishlatish uchun zarur bo`lgan axborot tizimida monitoring markazini tashkillashtirish ham ko`zda tutilgan. Aynan o`sha erda bodi-kameralar tomonidan qayd etilgan ma`lumotlar saqlanadi va ko`rib chiqiladi. Moslamaning xotira kartasidan serverga ma`lumotlarni ko`chirish, maxsus dasturiy ta`minot tomonidan WI-FI ma`lumotlar ko`chirish simsiz tarmog`i yordamida doimiy dislokasiya joyiga etib kelgach amalga oshiriladi (arxivga saqlash jarayoni inson aralashuvisiz amalga oshadi). Markaz operatorida moslamaga masofadan turib bog`lanish va nazorat qilish imkoniyati mavjud.
Monitoring markazidagi maxsus elektron kartada har bir xodimning ayni vaqtda joylashgan manzili hamda ushbu manzilning patrul yo`nalishiga muvofiqligi aks etadi.
Bundan tashqari, shu erda favqulodda vaziyatlar holatlarida harakatlar koordinasiyasi amalga oshiriladi: monitoring markaziga avtomatik tarzda geo, audio va videoma`lumotlar yopiq (himoyalangan) aloqa kanallari orqali etkazib turiladi.






