AsosiyShou-biznes

«Zumrasha» kinojurnalining yangi to`plamlari qishki ta`tilda bepul namoyish etiladi

Respublika Kinochilar uyida “O`zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga ko`ra suratga olingan “Zumrasha” bolalar yumoristik kinojurnali yangi qismlarining ommaviy axborot vositalari vakillari uchun namoyishi hamda kinoijodkorlar ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi, deya xabar qilmoqda O`zA.
Unda “O`zbekkino” milliy agentligi bosh direktori J.Qosimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida navqiron avlod ma`naviyatini yuksaltirish, o`g`il-qizlarga puxta bilim berish, ularni har jihatdan etuk shaxslar etib voyaga etkazish yo`lida doimiy e`tibor va g`amxo`rlik ko`rsatilayotganini ta`kidladi.
“Sog`lom bola yili” Davlat dasturi doirasida “O`zbekkino” milliy agentligi tomonidan bolalikning zavqli onlari aks ettirilgan bir qator badiiy, animasion filmlar yaratilib, tomoshabinlarga taqdim etildi. Ayni paytda mamlakatimizda yosh avlod kamoloti yo`lidagi mehr va g`amxo`rlik aks ettirilgan yangi hujjatli filmlar suratga olindi.
2014 yilda “Zumrasha” bolalar hajviy kinojurnalining 12 to`plami tasvirga olingani bu boradagi ishlarning yana bir yorqin namunasidir. Shu maqsadda agentlik qoshida tajribali adiblar, rejissyorlardan iborat ijodiy guruh tuzilib, kinojurnalga mo`ljallangan ixcham syujetlar uchun tanlov e`lon qilindi. Unda ko`plab taniqli ijodkorlar faol qatnashdi. Taqdim etilgan 300 dan ortiq ssenariydan eng saralari tanlab olindi.
Kinojurnalning navbatdagi to`plamlari “5-studiya” yoshlar tajriba-ijodiy uyushmasi, “Qoraqalpoqfilm” kinostudiyasi, O`zbekiston ilmiy- ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi, “San`at-ma`no” studiyasida tasvirga olingan.
Kinojurnalni yaratish jarayonida yigirmaga yaqin yosh kinoijodkor faol qatnashdi.
Yosh kinomuxlislarga taqdim etilgan to`plamlarda kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, bilim olishga ishtiyoq, to`g`riso`zlik, halollik kabi ezgu fazilatlar aks ettirilgan. Ayni paytda ushbu ekran asari o`g`il-qizlarni turli kompyuter o`yinlariga haddan ziyod berilib ketish, vaqtni behuda sarflash, dangasalik kabi illatlardan doimo ogoh bo`lishga chorlaydi.
«Zumrasha» kinojurnalining yangi to`plamlari maktab o`quvchilarining qishki ta`til kunlari Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida bepul namoyish etilishi ko`zda tutilgan. 

    Boshqa yangiliklar