Maktabgacha ta`lim vazirligi Bekoboddagi 15-sonli MTTdagi oziq-ovqatdan zaharlanish holatini o`rganib chiqdi.
«Joriy yilning 27 sentyabr kuni Bekobod shahar tibbiy birlashmasi yuqumli kasalliklar bo`limiga 19 nafar bola «O`tkir diareya, gastroenterit» dastlabki tashxisi bilan keltirildi. Og`ir holatlar qayd etilmagan, 3 bolaning holati o`rta og`irlikda, 15 nafariniki qoniqarli, bir bola uyga jo`natilgan. Davolashdan so`ng, bolalarning barchasida tuzalish tomon ijobiy dinamika kuzatilmoqda.
Ushbu ma`lumot etib kelgan zahoti, Bekobodga maktabgacha ta`lim vazirligi hamda Sog`liqni saqlash vazirligi mutaxassislardan iborat ishchi guruhi jo`natilgan.
Zaharlanish sababini aniqlash maqsadida suv, oziq-ovqat, oshxona jihozlari, xodimlar qo`li va kiyimlaridan surtmalar, ovqatning sutkalik namunasi, shuningdek kasalxonaga yotqizilgan bolalardan analizlar olingan. Barcha materiallar Davlat Sanitariya-Epidemiologiya Markaziga yuborilgan.
O`rganish jarayonida quyidagilar aniqlandi:
• MTT yangi maishiy muzlatgichlar bilan jihozlangan va ular ishchi holatida;
• xodimlar tibbiy ko`rikdan o`tganlar va sanitar kitobchasiga ega;
• MTT suv ta`minotida uzilishlar bo`lib turadi. «Ariston» suv isitgichi ishchi holatida emas;
• dezinfeksiya va yuvish vositalarining zaxirasi mavjud bo`lishiga qaramay xodimlar ularni ishlatishmaydi;
• guruhlarda emallangan idish-tovoq etarli emas;
• guruhlarga ichimlik suvi qo`yilmagan;
• 27 sentyabr kun taomnomasiga bir-biriga mos kelmaydigan taomlar kiritilgan (bodring va kisel, quyultirilgan sut va olma);
O`tkazilgan tekshiruv jarayoni ovqat tayyorlash bloki hamda guruhlarda sanitariya qoidalariga rioya qilinmaganini ko`rsatdi.
MTT faoliyati va epidemiologik tekshiruv natijalari asosida rahbar, hamshira va oziq-ovqat bloki mas`ul xodimlariga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo`lgan ma`muriy choralar ko`rilishi mumkin.
Ayni vaqtda Bekobodning 15-sonli MTTsi faoliyati vaqtincha to`xtatilgan, tashkilotda yuvish va dezinfeksiya tadbirlari amalga oshirilmoqda», deyiladi vazirlik ma`lumotida.
27 sentyabr kuni Toshkent viloyati Bekobod shahridagi 15-maktabgacha ta`lim muassasasida ikki nafar tarbiyalanuvchi va bir necha bolaning ovqatdan zaharlangani haqida xabar berilgan edi.
Ko`p o`tmay Sog`liqni saqlash vazirligi Bekobodda bog`cha bolalari bilan ro`y bergan holat nazoratga olinganini ma`lum qildi.
Shuningdek, Bosh prokuratura Bekoboddagi bog`chada bolalarning ovqatdan zaharlanish holati yuzasidan tekshiruv o`tkazishni boshlagandi.






