AsosiyJamiyat

Ugur Ozer Ozguven: “Har bir davlatning “Dauntaun”ga ehtiyoji bor”

'Ugur Ozer Ozguven: “Har bir davlatning “Dauntaun”ga ehtiyoji bor”'ning rasmi

Qurilish biznesi eng daromadli biznes hisoblanadi, chunki unga doim ehtiyoj bor. Bugungi kunda yurtimizda keng ko`lamli qurilish ishlari olib borilayotgani, shaharlarning yangilanayotgani sabab ko`plab xorijiy qurilish kompaniyalari kirib kelgani ham hech kimga sir emas. Ulardan biriO`zbekistonda qurilayotgan eng baland binoga investisiya kiritgan Turkiyaning “Ozguven” kompaniyasidir.Ushbu quruvchilik kompaniyasining arxitektura byurosi direktori Ugur Ozer Ozguven bilan qurilish biznesining o`ziga xosliklari va yosh tadbirkorlarga tavsiyalari haqida suhbatlashdik.

  • Avvalo kompaniyangiz haqida gapirib bersangiz, qancha odam ishlaydi? Biznesni nimadan bosh­lagansizlar?

– Bizning firmamiz 2003 yilda tashkil etilgan. Turkiyada ikkita ofisimiz bor, biri Anqarada, biri Istanbulda. Bundan tashqari, O`zbekiston va Jazoirda ham ofislarimiz bor. Dunyoning 12 davlatida katta-katta loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etganmiz. 150 nafardan ortiq injenerlar, arxitektorlardan iborat jamoamiz hamda qurilish maydonlarida ish olib borayotgan 300 nafar texnik xodimimiz bor. Agar barcha ob`ektlardagi ishchilarimizni qo`shib hisoblasak, 3000 kishidan oshadi. Bizning kompaniyamiz dizayn bild asosida ishlaydi va shu jihati bilan boshqa kompaniyalardan farq qiladi. Ya`ni loyiha tarhini o`zimiz ishlab chiqamiz va o`zimiz quramiz.

Firmani akam Ozgur Onur Ozguven bilan birga ochganmiz. Boshida kotiba ham, haydovchi ham, rahbar ham o`zimiz edik. Juda ko`p ishlardik. Ya`ni muvaffaqiyatli biznesni sehrli tayoqcha bilan qurib bo`lmaydi, bu kunlarga osongina etishib qolganimiz yo`q, barchasiga o`z mehnatimiz bilan erishdik. Shu sabab qaerdan kelganimizni unutmaymiz va qaerga ketayotganimizni ham yaxshi bilamiz.

– Nechta davlatga investisiya kiritgansizlar?

– Biz dizayn bild sifatida 12 davlatda ishladik. Lekin faqat O`zbekis­tonda ilk bora o`zimizni o`z yurtimizdagidek his qildik. Turkiyadan keyin eng ko`p loyihalarni O`zbekis­tonda amalga oshiryapmiz.

– O`zbekiston uchun eng baland bino qurilishida ishtirok etyapsiz. Oldin ham shu kabi binolar qurganmisiz?

– Biz 30 dan 44 qavatgacha bo`lgan binolar qurganmiz. Har bir davlatning “Dauntaun”ga ehtiyoji bor. Bu har bir davlatda bo`lishi kerak.

– Bu loyiha uchun avvaliga hamkor deb e`lon qilishdi keyin investor bo`ldingiz. “Tashkent City”ga investisiya kiritishga qaror qilishingizga nima sabab bo`ldi?

– Biz to`rt yildan buyon yurtingizga kelib turibmiz, faoliyatimizni boshlaganimizga ikki yil bo`ldi. Eng avvalo, O`zbekistonga va Toshkentga mehrimiz tushdi. Keyin Murod Nazarov va uning jamoasi bilan tanishdik hamda uning jamoasini ham yaxshi ko`rib qoldik.

2017 yildan buyon “Tashkent City”da faoliyat yurityapmiz. 1, 7 va 8-lotlarni bizning kompaniyamiz qurgan. “Tashkent City” loyihasini o`z bolamdek yaxshi ko`raman. Investisiya kiritganimizning yana bir sababi, biz O`zbekistonga ishondik. Shu sabab ham Murod Nazarovning investisiya kiritish taklifini qabul qildik.Boshida biz dizayn bild sifatida xizmat qilayotgandik.

– Sir bo`lmasa bu loyihaga qancha pul tikkansiz?

– Osmono`par binoning investisiya mablag`i umumiy hisobda 175 million dollar. Bu umumiy narx bo`lib, 24 oyga bo`linadi. Loyihaga tikilgan inves­tisiyadan tashqari, biz O`zbekis­tonga aynan shu ob`ekt uchun qiyosi yo`q uskunalar olib kiryapmiz. Biz nafaqat shu loyihaga investisiya kirityap­miz, balki biz O`zbekistonga investisiya kirityap­miz deyishim mumkin. Masalan, maxsus ko`tarma kranlar, bozorda bu qadar balandlikdagi kranlar yo`q edi. Maxsus beton zavod qurildi va u shu ob`ekt uchun maxsus beton tayyorlaydi. Hozircha buni aniq raqamlarda ayta olmayman, bu salkam 30-50 million bo`ladi degan taxmin bor. Chunki bu uskunalar va biz ochishni rejalashtirayotgan korxonalar O`zbekis­tonda qoladi va boshqa kompaniyalar uchun ham xizmat qiladi.

Jamoa yig`ish uchun nimalarga e`tibor berasiz? Mutaxassislarni qanday saralaysiz?

– Bu biznesda eng avvalo inson sog`lig`i va xavfsizligi turadi. Qolaversa, Toshkentning o`ziga xosligi, tuprog`i, relefi, o`zi ishlatadigan qurilish materiallari bor. Bu tomonlarini ham hisobga olish kerak va shunga qarab mutaxassis saralanadi. Jamoamizda turli millat vakillaridan iborat mutaxassislar ishlaydi: nemis, ingliz, turk, o`zbek. Ularning bitta o`xshashlik tomoni bor, ya`ni ularning bari xalqaro loyihalarda ishlagan. Mutaxassislarning rezyumelarini o`rganganda, ularning keng ko`lamli ishlarni turli davlatlarda bir necha marta amalga oshirganliklariga e`tibor beramiz.

– Katta kompaniyalarda, ayniqsa bir necha asoschi va homiylar bo`lgan kompaniyalarda fikrlar bir-biriga to`g`ri kelmasligi mumkin. Bunday paytda bir xulosaga kelish uchun qanday yo`l tutasiz?

– Hamkorlikdagi ishimizda o`z egomizni unutamiz. Loyihalarimizni amalga oshirishda nafaqat katta kompaniyalarning fikrini, hatto yangi ishga kelgan arxitektorning fikrini ham inobatga olishimiz mumkin. Biz “hali sening tajribang yo`q” deb uning yaxshi fikrini chetga surmaymiz, balki tinglaymiz. Hamkorlikdagi ishlarda egoni chetga surish eng maqbul yo`l. Biz bir-birimizga fikrimizni o`tkazishga urinmaymiz, balki eng yaxshisini tanlashga harakat qilamiz. Ko`p hollarda qarashlarimiz to`g`ri keladi.

– Osmono`par binodagi uylarning narxi qanday baholanadi? Eng arzon va eng qimmati haqida ma`lumot bera olasizmi?

– Bizning loyihamiz boshqalardan farqli jihati shuki, masalan, 40 kvadrat metrli xonadon sotib olgan kishi ham qo`shimcha 5 ming kv. metrli joydan foydalana olishadi. Bu O`zbekistondagi eng arzon va shu bilan birga qimmat uy deyish ham mumkin.

– Qurilish kompaniyasining eng katta muammosi qurilish material­larining narxi tez-tez oshib turishi hisoblanadi. Bu tabiiy ravishda ob`ekt narxiga ta`sir etadi. Shunday vaziyatda qanday yo`l tutasiz?

– Allohga shukr, biz moliyaviy barqarormiz. Qolaversa, avval boshidan bozorning bu kabi o`zgarishlarini hisobga olamiz va tayyor turamiz. Bundan tashqari biz bu bozorga bitta loyiha bilan kirmaymiz va undan katta daromad qilishni maqsad qilmaymiz. Ochig`i, shu bitta loyihani tezda amalga oshirib, daromad qilib yurtimizga qaytib ketish rejasi bilan ishlamaymiz. Nasib etsa, bir yildan keyin bajarilgan ishlar bo`yicha siz bilan yana suhbatlashsak, natijalarga o`zingiz amin bo`lasiz.

– Nasib etsa, suhbatlashamiz. Siz uchun investorning ishida eng muhimi nima? Har holda boshqa davlatga pul tikish...

– Birinchi o`rinda investor o`zini xavfsiz sezishi juda muhim. Aytaylik, aeroportdan chiqishi bilan buni his qilishi kerak.

– Bu tomondan omadimiz bor.

– To`g`ri, yurtingiz tinch. Investor kelishi bilan keyingi gal oilamni olib kelaman, deb o`ylashi lozim. Ikkinchi tomondan, davlatning investisiyaga va investorlarga munosabati ham muhim rol o`ynaydi. Prezident Shavkat ­Mirziyoevning mamlakatingiz rivoji uchun olib borayotgan ishlari investorlar uchun ham juda maqbul yo`l.

Masalan, bizning umumiy inves­tisiyamiz 200 million dollardan ortiq. Bularning hammasi investorning cho`ntagiga tushmaydi. Bunga 3-4 ming kishilik xodimlarning Turkiya­ga borish-kelishi, ijara pullari, ovqatlanishi, matbuot anjumanlarini o`tkazish, mahalliy bozordan qurilish materiallari xarid qilish... Bu bilan qancha ko`p investor pul kiritsa, mamlakat shuncha boyib boraveradi, demoqchiman. Bunda Prezidentning investorlarni mamlakatga investisiya kiritishini qo`llab-quvvatlashi muhim o`rin tutadi. “Tashkent City” qurilishi uchun soliqlardan ko`plab imtiyozlar, imkoniyatlar yaratilgani ham shundan dalolat.

– Endi ish boshlagan tadbirkorlarga qanday maslahat bergan bo`lardingiz?

– Maslahat berishga hali yoshlik qilaman, deb o`ylayman (kuladi). Lekin yoshlarni yo`naltirishim mumkin. Hozir O`zbekiston rivojlanish yo`lida, shu sabab yoshlar kengroq fikrlashlari kerak. Bir misol keltirmoqchiman, oldin og`ir qurol-yaroq, asbob-uskunalardan foydalanishgan. Ularni mukammallashtirish uchun salkam 500 yil vaqt o`tgan. Hozirgi asbob-uskunalarning shakllanishi uchun 10 yil etarli. Turkiyada ham shunday davr bo`lgan, bizda ham juda ko`p qurilish ishlari olib borilardi. Bu davr Turkiyada taxminan 15 yil davom etdi. Lekin O`zbekistonda bu davr 5 yil ichida o`tib ketishi mumkin. Chunki dunyoda rivojlanish juda tez kechmoqda. Bu qurilish sohasi texnikasiga ham taalluqli. Yoshlarga shuni tavsiya etishim mumkin, ular oxirgi texnologiyalarni, dunyoda qanday ishlar olib borilayotganini o`rganishlari lozim. Avval biror sohani mukammal o`rganib, keyin o`z ishlarini boshlashlarini tavsiya qilgan bo`lardim. Bilasizmi, dunyoda eng qimmat va eng muhim narsa bu – bilim. Shunday ekan yoshlar o`z bilimini oshirib borishi kerak. Agar bilimi bo`lmasa, uni sotib olsin. Bu xarajat qilishga arziydigan ish.

– 16 sentyabr kuni Toshkentga Anqara hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegasiya tashrif buyurdi va “Birodarlashuv aloqalarini o`rnatganlik haqida”gi memorandum imzolandi. Bu ikki mamlakat uchun qanday imkoniyatlarni ochadi, deb o`ylaysiz?

– Bu memorandum o`zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog`onaga olib chiqishiga, aloqalarni yanada mustahkamlashiga ishonaman. Mendagi rasmiy ma`lumotlarga ko`ra, Turkiyada bir yarim million o`zbek yashaydi. Men har gal O`zbekistonga kelganimda o`zimni turist deb his qilmas edim. O`zimni ota uyimga kelgandek sezardim. Biz turkiyaliklar O`zbekistonni ota makonim deymiz. O`z yurtimdagi o`zbeklar bilan gaplashganimda ham ulardan “o`zingizni sayyoh­dek sezasizmi?”, deb so`raganman, ular ham yo`q deb javob berishgan. Odamlarimiz, madaniyatimiz, taomlarimiz o`xshash, tariximiz bir. Birinchi marta kelganimni yaxshi eslayman, menga uch kunga viza berishgandi. Hozir esa Toshkentga xuddi Istanbuldan Anqara borib kelgandek kelib-ketaman. Uyimdan uch yarim ming km.uzoqlikda o`zimni uyimdagidek his qilaman. Buning uchun Prezidentlarimizga tashakkur. Hozir aloqalarimiz yanada yaxshilanishi uchun ko`plab ishlar olib borilyapti. Prezident Shavkat Mirziyoev ko`plab davlatlar o`rtasidagi vizalarni bekor qildi. Turli davlatlardan yurtingizga odamlar kelishyapti. Bu rivojlanish uchun keng yo`llar ochilyapti, degani. Oxirgi yillarda O`zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilmoqda. Shunday ekan men ham savdo-iqtisodiy va investisiya aloqalari,sanoat, shaharsozlik, ­san`at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorliklarimiz mustahkamlanib boraverishini tilayman.

Dilfuza Sobirova suhbatlashdi.

Foto: Sarvar Mambetov.

Intervyuni tayyorlashda ko`rsatgan yordami uchun O`zbekistondagi Turkiya elchixonasi matbuot xizmatiga minnatdorlik bildiramiz.

    Boshqa yangiliklar