AsosiyJamiyat

#TEZKOR! Senat Farg`ona viloyati hokimi masalasini ko`rib chiqadi

'#TEZKOR! Senat Farg`ona viloyati hokimi masalasini ko`rib chiqadi'ning rasmi

Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev viloyatdagi ish joylarida namoz o`qishga sharoit yaratiladigan holatlar aniqlansa o`sha korxona rahbariga jinoyat ishi ochilishini ma`lum qildi. Bu haqda viloyat hokimi boshchiligida o`tkazilgan yig`ilishning audioyozuviga tayanib, BBC xabar berdi.

Shuhrat G`aniev oldida kim bo`lishidan qat`iy nazar, ro`mol o`rab olgan ayolga ko`zi tushsa uning ro`molini o`sha tuman hokimi og`ziga tiqib qo`yish bilan tahdid qildi.

Farg`ona viloyati hokimligi matbuot xizmati ushbu vaziyat borasida rasmiy bayonot berdi. Quyidagi mazkur bayonot to`lig`icha keltirilgan.

"Viloyat hokimligi axborot xizmati shuni ma`lum qiladiki, ularda notiqning so`zlaridan o`zgacha ma`no izlab, buzib talqin qilish hollari ro`y bermoqda.

O`zbekistonda bo`lgani kabi Farg`ona viloyatida ham ulkan o`zgarishlar va islohotlar amalga oshirilmoqda. Farg`ona, Qo`qon, Marg`ilon shaharlari hamda viloyatning barcha tumanlari, chet qishloqlari yangicha qiyofa kasb etmoqda. Ko`plab horijiy mamlakatlar kompaniya va tadbirkorlari viloyatga to`g`ridan to`g`ri kiritayotgan investisiya hajmi kundan kunga ortib bormoqda. Mamlakat eksport hajmidagi Farg`ona viloyati ulushi salkam 40 foizga etib qoldi. O`nlab ijtimoiy soha ob`ektlari qurib foydalanishga topshirildi. Oliy ta`lim o`quv yurtlari esa beshtadan o`ntaga etdi. Bu kabi islohotlar tufayli erishilgan natijalar haqida ko`plab misollar keltirish mumkin. Lekin eng muhimi, xalqimiz ro`y berayotgan o`zgarishlarni qo`llab-quvvatlayotganligidir.

Bunday jarayon o`z-o`zidan ro`y berayotgani yo`q. Masalan, O`zbekiston Konstitusiyasiga ko`ra din davlatdan ajratilgan. Davlat, davlat xizmatchilari din niqobidagi ayrim noqonuniy xatti-harakatlarga befarq qarab turolmaydi. Shu yilning o`zida bir guruh targ`ibotchilarning ‘faoliyati’ tufayli bir qancha fuqarolar Suriyaga yo`l olayotgan chog`i qaytarildi. O`rganishlar shuni ko`rsatdiki, targ`ibotchilar diniy ahkomlarni pesh qilib, ularni dastlab soqol qo`yishga undagan. Ahli ayollarini esa hijobga kirishga majburlagan. Ular Suriya janggohlaridan nimani ko`zlagandi? Bu erda yolg`iz qolgan farzandlari kelgusida qaysi yo`lni tanlar edi?

Viloyat hokimi Shuhrat G`aniev navbatdagi yig`ilishda asosiy mavzudan chekinib, aslida ma`nosiga etmay turib beo`xshov soqol qo`yish, hijobga kirish, tashqi qiyofani o`zgartirish muqaddas dinimizning haqiqiy talablarini aks ettirmasligidan kuyinib gapirganida ba`zi bir qo`pol iboralarni ham ishlatgan. Ammo viloyat rahbari ozod va obod vatanimizning har bir fuqarosi shu aziz yurtga, uning milliy qadriyat hamda urf-odatlariga munosib tashqi qiyofa egasi bo`lishi kerakligini nazarda tutgan. Afsuski, joylarda beo`xshov soqol qo`yuvchilar, milliy madaniyat va ma`naviyatimizga nomunosib shaklda o`zga xalqlar urf odatiga amal qilib ro`mol o`raydigan va kiyinadiganlar uchrab turadi. Hokimning kuyinib gapirgan so`zlari, avvalo, ularga qaratilgan.

Shuhrat G`anievning bozorlarga noqonuniy yo`llar bilan millatimizga mos bo`lmagan diniy liboslarni keltirib sotayotgan tadbirkor va bozor rahbarlarga nisbatan talabchanlikni kuchaytirish, terroristik tashkilot sifatida faoliyati taqiqlangan diniy oqimlarni tanqid qilishi, Rishton «Baraka» bozorida taqiqlangan adabiyotlar savdosi bilan shug`ullanayotganlarga qonuniy chora ko`rishni talab qilgani, rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etadigan jurnalistlar, shahar, tumanlarda bo`ladigan yig`ilish qatnashchilari munosib kiyimda bo`lishini, shuningdek, reklama bannerlaridagi odamlar suratlari milliy qadriyatlarimizga xos tashqi ko`rinishda aks ettirilishi lozimligini eslatgani, shifoxonada davolanayotgan bemorlar ochiq, sochiq kiyimda yotganligini tanqid qilgani, farzandiga ism qo`yishda dunyo xalqlarining la`natiga uchragan terroristlarning ismini emas, millatimizning buyuk vakillari nomi bilan atashni tavsiya etgani, ayniqsa, yoshlarning soch qo`yishda ommaviy madaniyat ta`siriga berilmasligi hamda mamlakatimizda erkin diniy e`tiqod uchun yaratilgan sharoitlarni qadrlash va yana boshqa mavzulardagi mulohazalari, avvalambor, viloyatda ijtimoiy-ma`naviy muhit barqarorligini yanada mustahkamlashga qaratilgandir. Bu fikrlarga o`zgacha yondashuv va urg`u berish, viloyat hokimining so`zlaridan boshqacha ma`no izlash adolatdan emas.

Shuni ma`lum qilamizki, xorijiy OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi bildirilgan fikr-mulohazalarni Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev, hokimlik mutasaddilari o`rganib, tegishli xulosalar chiqardilar.

Bundan buyon muhokama qilinayotgan har qanday masala bo`lmasin uning qonuniy mohiyatiga va muloqot madaniyatiga qat`iy rioya etiladi."

Bugun esa Telegramdagi "Qo`shni mahalla" kanalining ma`lum qilishicha 30 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining navbatdan tashqari sessiyasi bo`lishi kutilmoqda. Sessiyada, Farg`ona viloyati hokimi Shuhrat G`aniev masalasi ko`tariladi.

    Boshqa yangiliklar