Bugun, Mudofaa vazirligi Markaziy apparatida 1-oktyabr – O`qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tantanali tadbir bo`lib o`tdi.
Unda O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov, vazirlikning mas`ul ofiserlari, harbiy ta`lim muassasalari o`qituvchilari, iste`fodagi harbiy xizmatchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda estrada xonandalari ishtirok etdi.
Mamlakatda ta`lim tizimini takomillashtirish, yuqori malakali mutaxassislarni sifatli tayyorlash masalalari O`zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining muhim yo`nalishlaridan biridir. Hozirda oliy harbiy ta`lim muassasalarida 14 nafar fan doktori, 75 nafar fan nomzodi, 20 nafar dosent, shu jumladan, 33 nafar harbiy xizmatchi va 76 nafar Qurolli Kuchlar xizmatchisi o`zlaring o`quv-ilmiy faoliyatini olib bormoqda.
“Oliy harbiy ta`lim muassasalari va kichik mutaxassislarni tayyorlash markazida harbiy kadrlarga harbiy soha va harbiy san`at rivojidagi asosiy tendensiyalarni aks ettiradigan, prinsipial jihatdan yangi mutaxassislik va ilm-fan yo`nalishlarini, jangovar harakatlarni olib borishning xorijiy tajribasi, zamonaviy shakl va metodlarini hisobga olgan holda bilim va ko`nikmalar berish – Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishning muhim mezonidir”, – deya ta`kidlab o`tdi general-mayor Bahodir Qurbonov.
Shuningdek, Qurolli Kuchlar faxriylarning hayotiy tajribasini yoshlarga etkazish borasidagi ishlar ham tizimli yo`lga qo`yilgan. Xususan, Mudofaa vazirligi tizimida xizmat qilib, nafaqaga chiqqan 4 ming 500 ga yaqin pensioner akademik lisey va umumta`lim maktablarida, mahalla fuqarolar yig`inlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda munosib hissa qo`shmoqda.
Bayram munosabati bilan harbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish yo`lida mehnat qilib kelayotgan bir guruh professor-o`qituvchilar mudofaa vazirining navbatdagi harbiy unvonlari, “Namunali xizmatlari uchun” ko`krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli hamda estradamizning taniqli xonandalari ishtirokidagi ustozlarga atalgan konsert dasturi bayramga o`zgacha kayfiyat baxsh etdi. Tadbir so`nggida ustoz va murabbiylar uchun bayram dasturxoni yozildi.
O`qituvchi va murabbiylar kuni Mudofaa vazirligi harbiy okruglarida, Qurolli Kuchlar akademiyasi va Oliy harbiy ta`lim muassasalarida ham keng jamoatchilik vakillari ishtirokida tantanali ravishda nishonlandi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti