Barcha xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga teng shart-sharoitlarni yaratish uchun qo`shilgan qiymat solig`ining to`laqonli zanjirini tashkil etish maqsadida 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab, yagona er solig`i to`lovchisi hisoblangan qishloq xo`jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilar qo`shilgan qiymat solig`ini to`lashga o`tishi belgilangan.
Bunday tartib prezidentning 2019 yil 27 iyundagi «Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida»gi PF-5755-sonli farmoniga asosan joriy etilmoqda, deya xabar qiladi DSQ matbuot xizmati.
Hujjatga ko`ra, 2019 yilning 9 oyida pul aylanmasi (tushumi) 1 mlrd. so`mdan oshgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan sug`oriladigan er maydonlariga ega bo`lgan yagona er solig`i to`lovchilari qo`shilgan qiymat solig`i to`lovchisi hisoblanishi va belgilangan tartibda QQS to`lovchisi sifatida ro`yxatdan o`tishi talab etiladi.
Eslatilishicha, farmonda 2019 yil 1 avgustdan qishloq xo`jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo`shilgan qiymat solig`ini to`lashga o`tishi mumkinligi belgilab qo`yilgan.
Shu bilan birga, farmonga muvofiq paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchi xo`jalik sub`ektlari 2019 yil hosilidan boshlab qo`shilgan qiymat solig`ini to`lashga o`tadilar.
Bunda, ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo`lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini etishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to`langan qo`shilgan qiymat solig`i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
Bildirilishicha, ushbu normalarning amaliyotga joriy etilishi mamlakatda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag`batlantirish, tadbirkorlikni va sog`lom raqobat muhitini qo`llab-quvvatlashga xizmat qiladi.






