Shu yilning 2-4 oktyabr kunlari «TASHKENT BOOK FEST – 2019» — I Toshkent xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi bo`lib o`tadi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi rasmiy saytida xabar berildi.
O`zbekistonda ilk marotaba o`tkazilayotgan ushbu yirik madaniy tadbirda etti mamlakat — Buyuk Britaniya, Germaniya, Qozog`iston, Koreya, Qirg`iziston, Rossiya Federasiyasi, Turkiya davlatdan 16 ta nashriyot va kitob savdo tashkilotlari vakillari ishtirok etadilar.
Shuningdek, O`zbekistondagi elchixona va xorijiy kompaniyalar, xususan, Haydar Aliev nomidagi Ozarbayjon madaniyat markazi, Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi, Koreya Respublikasi elchixonasi, Toshkent shahridagi Gyote instituti vakillari ham ko`rgazma-yarmarka ishtirokchilari bo`lishadi. Bundan tashqari, O`zbekistondagi 30dan ortiq davlat va xususiy nashriyot hamda kitob savdo tashkilotlari ham mahsulotlarini namoyish etadilar.
Ko`rgazma doirasida qiziqarli kitoblar taqdimotlari, mushoiralar, intelektual o`yinlar, adiblar bilan ijodiy uchrashuvlar, adabiy viktorinalar, davra suhbatlari hamda mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan.
Xalqaro kitob ko`rgazma-yarmarkasi «O`zekspomarkaz» (Atrium)da bo`lib o`tadi. Kirish — bepul.






