AsosiyJamiyat

​Sirdaryo viloyati ta`lim sifati bo`yicha namunali hududga aylantiriladi

'​Sirdaryo viloyati ta`lim sifati bo`yicha namunali hududga aylantiriladi'ning rasmi

Joriy yilning 16 sentyabr kuni Davlatimiz rahbari huzurida o`tkazilgan yig`ilishda xalq ta`limi tizimini isloh qilish bo`yicha qator vazifalar belgilab berildi. Jumladan, Prezidentimiz tomonidan ta`lim sifati bo`yicha Sirdaryo viloyatini namunali hududga aylantirish tashabbusi ilgari surildi. Bu haqda XTV matbuot xizmati xabar berdi.

Mazkur vazifaning ijrosini ta`minlash maqsadida 2019 yil 2 oktyabr kuni Sirdaryo viloyat hokimligida Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduxakimov raisligida Xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov, Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari Ulug`bek Tashkenbaev, Davlat test markazi direktori Majid Karimov, Guliston davlat universiteti rektori Muhsin Hojievlardan iborat Respublika ishchi guruhining tashkiliy yig`ilishi bo`lib o`tdi.

Yig`ilishda birinchi navbatda viloyatda mavjud 309 ta umumiy o`rta ta`lim muassasalarini xatlovdan o`tkazish, ularning moddiy-texnika bazasi ahvolini o`rganish, maktab direktorlarining menejerlik qobiliyatlari va bilimlari, 13 ming nafardan ortiq fan metodistlari va o`qituvchilar hamda 9 ming nafarga yaqin o`quvchilarning bilim darajalarini aniqlagan holda viloyat xalq ta`limi tizimining bugungi kundagi real holatini baholash vazifasi atroflicha muhokama qilindi.

Shu maqsadda Davlat test markazi tomonidan viloyatdagi xalq ta`limi boshqaruvi organlari xodimlari va maktab direktorlarining rahbarlik qobiliyati, metodist va o`qituvchilarning tegishli fan bo`yicha bilimlarini test sinovidan o`tkazish hamda Ta`lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan maktab o`quvchilarining bilim darajasini yozma ishlar orqali o`rganish belgilab olindi.

O`rganish natijalari har tomonlama tahlil qilinib, ular asosida har bir maktab, tuman (shahar) kesimida hamda viloyat va Respublika darajasida Sirdaryo viloyatida ta`lim sifatini oshirish yuzasidan “yo`l xaritalari” ishlab chiqiladi.

Sirdaryo viloyati umumta`lim muassasalarini o`rganish davomida ta`lim jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo`lgan ayrim noqulayliklarni o`quvchi, o`qituvchi, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari to`g`ri tushunishiga umid bildiramiz.

    Boshqa yangiliklar