O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tashabbusi bilan 25-26 sentyabr kunlari Navoiy viloyatida Tadbirkorlik sub`ektlari hamda OAV vakillari uchun infotur tashkil etildi. Undan ko`zlangan asosiy maqsad yurtimizdagi etakchi turistik tashkilotlar va OAV vakillarini Navoiy viloyatining turistik salohiyati hamda investision jozibadorligi bilan yaqindan tanishtirishdan iboratdir. Infotur ishtirokchilari tadbirning ilk kunida mehmonlar, Navoiy viloyati temir yo`l vokzalidan kutib olindi va dasturga muvofiq turistik ob`ekttlaga tashrif buyurishdi. Mehmonlar eng avvalo Nurota tumanidagi Sintob etnoqishlog`iga etib kelishdi. O`ziga xos tabiati va baland tog` tizmalari bilan tanilgan ushbu qadimiy qishloq qariyb uch ming yillik tarixga ega bo`lib, ayni vaqtda bu erda 545 oila istiqomat qiladi.
Bugungi kunda Sintob qishlog`i o`ziga xos manzaralari va tabiat mo``jizalari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy sayyohlarni ham hayratga solib kelmoqda. Bu manzilga aprel oyidan boshlab to noyabr oyining so`ngiga qadar Niderlandiya, Fransiya, Germaniya, AQSh kabi davlatlardan ko`plab mehmonlar keladi. Ularning soni har yili ortib bormoqda. Bu esa o`z navbatida ushbu hududda joylashtirish vositalari, ya`ni mehmonxona va mehmon uylariga bo`lgan talabni oshishiga sabab bo`lmoqda. “Fevral oyida uyimizdan 10 o`rinli oilaviy mehmon uyini ochdik, – deydi Bekmurod Omonov. – Hovlimizdan 50 metr pastda soy oqib o`tadi va unda juda chiroyli hamda bu atrofda yagona hisoblangan katta harsang tosh bor. Uning yonidagi supadan atrofdagi manzarani kuzatish, yaqin atrofdagi ikkita buloqdan esa suv ichish mumkin. Agar shaharda 45 daraja issiq bo`lsa, bizning qishlog`imizda harorat +36 daraja bo`ladi. Atrofda yong`oq, olxo`ri, do`lana, bodom kabilar bor.
Ular orasida 150 yoshdagi tut hovlimizni bezab turibdi”, - deydi shu qishloqda yashovchi Bekmurod aka. Bu qishloq hududida joylashgan mevali daraxtlardan olingan hosil ekologik toza bo`lib, shirinligi va yirikligi bilan boshqa hududlardagi mevalardan ajralib turadi. Mahalliy aholi asrlar davomida qishloqda bog`dorchilik bilan ham shug`ullangani bois atrofda ko`plab buta va daraxtlarni, boy sun`iy mevali o`rmonlarni ko`rish mumkin. Bu o`ziga xos landshaftning bir qismini yong`oq, olma, tut, o`rik, olcha, uzum, nok kabi mevali daraxtlar tashkil etadi. Shu bilan birga, qishloq hududida terak, tol, qayrag`och kabi daraxtlani ham uchratish mumkin. Infotur davomida OAV vakillariga tabiatning asl jozibadorligini o`zida mujassam etgan Sintob qishlog`i 2020 yilda turizm qishlog`iga aylantirilishi haqida ham tegishli ma`lumotlar berib o`tildi.
Bugungi kunda qishloqda yo`l infratuzilmasi yaratilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda hududning o`rganilmagan qadamjolari va tarixini tiklash uchun ilmiy turizmni rivojlantirish rejalashtirilgan. Ishtirokchilar tog`lardagi qoyatoshlardan topilgan arab yozuvi va petrogliflarini tomosha qilishdi. Keyingi manzil esa “Qizilqum safari” bo`lib, jurnalistlar sayyohlik firmasiga tegishli o`tovli lagerlarga joylashishdi. Ushbu tadbirkorga ajratilgan uch gektar maydonda 22 dona o`tov o`rnatilgan bo`lib, ularning har biri zamonaviy kondisionerlar bilan jihozlangan. O`tovlar to`rt kishiga mo`ljallangan. Ular Buxorodan - 270, Samarqanddan 380 kilometr masofada joylashgan.
Shuni alohida ta`kidlab o`tish lozimki bu erdagi o`tovlarni bezashda tadbirkor milliylikka alohida urg`u qaratgan bo`lib, unda shuningdek 100 kishi sig`adigan yozgi ayvon, sovuq va yomg`irli kunlar uchun alohida qishki joy tayyorlangan. Toza suv 8 kilometr uzoqda joylashgan quduqdan tortib kelingan. Suv nisbatan sho`r bo`lgani uchun taomlar uchun ishlatilmaydi. Ovqatlanish shoxobchasida foydalanish uchun shahardan qadoqlangan idishlarda suv olib kelinadi. Aholi yashaydigan eng yaqin manzil 4 kilometr uzoqlikda joylashgan bo`lib, u er Do`ngalak qishlog`i deb nomlanadi. O`tovli lagerdan 80 kilometr masofada Qozog`iston Respublikasi hududi boshlanadi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi axborot xizmati