AsosiyJamiyat

​Sog`liqni saqlash vaziri tajovuzga uchragan tez tibbiy yordam xodimi holidan xabar oldi

'​Sog`liqni saqlash vaziri tajovuzga uchragan tez tibbiy yordam xodimi holidan xabar oldi'ning rasmi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi 6-podstansiyaning tez tibbiy yordam xodimi Jahongir Xo`jaevning o`ziga nisbatan bemor yaqinlari tomonidan tajovuz qilingani haqidagi murojaati e`lon qilingan edi. Unda tibbiyot xodimi bemorning qarindoshlari tomonidan haqoratlanib, unga jarohat etkazilgani qayd etiladi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ayni paytda 7-klinik shifoxonada davolanayotgan Jahongir Xo`jaev holidan xabar oldi, uning sog`lig`i bilan qiziqdi. Respublikaning etakchi mutaxassislari bilan konsilium o`tkazib, J.Xo`jaevning sog`ayib ketishi uchun lozim bo`lgan barcha chora-tadbirlarni ko`rish yuzasidan topshiriqlar berdi. Va shu kunning o`zida J.Xo`jaevga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko`rsatish maqsadida poytaxtimizdagi 7-klinik shifoxonadan Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga davolanish uchun ko`chirildi.

Vazir, shuningdek, o`z huzur-halovatidan kechib, o`zgalarga shifo baxsh etayotgan, insonlar dardiga darmon bo`layotgan shifokorlarning haq-huquqlarini qat`iy himoya qilish uchun alohida huquqiy hujjat qabul qilish vaqti allaqachon kelganini, elkasiga ulkan mas`uliyatni olib, inson salomatligi yo`lida tunu-kun xizmat qilayotgan kasb egalariga nisbatan bo`layotgan salbiy munosabatlarni o`zgartirish zarurligiga e`tibor qaratdi. Eng muhimi, har bir tibbiyot xodimi mehnat faoliyati, haq-huquqi vazirlik himoyasida ekanini ta`kidladi. Shuning uchun ham Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov shifokorlarga tajovuz kilish kabi illatni oldini olishning eng samarali yo`llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan har bir noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat`iy javobgarlikni kuchaytirish barobarida uni nazoratga olish kerakligi bo`yicha shu yilning 2 oktyabrida O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat kildi.

O`z navbatida Jahongir Xo`jaev tibbiyot xodimlari obro`sini yuksaltirish yo`lida hamisha o`z xissasini qo`shishini qat`iy bildirib o`tdi.

    Boshqa yangiliklar