AsosiyJamiyat

Tabiat va insoniyatga zarar keltirayotgan “Navoiyazot”AJning ayrim sexlarining faoliyati vaqtincha to`xtatildi

'Tabiat va insoniyatga zarar keltirayotgan “Navoiyazot”AJning ayrim sexlarining faoliyati vaqtincha to`xtatildi'ning rasmi

Davlat Ekologiya qo`mitasi tomonidan joriy yil 16 - 25 sentyabr kunlari aholining ko`p sonli shikoyatlariga sabab bo`lgan «O`zkimyosanoat» AJ tasarrufidagi Navoiy viloyatida joylashgan «NAVOIYAZOT» aksiyadorlik jamiyatida tekshiruvlar o`tkazildi.

Qo`mita bergan ma`lumotlarga ko`ra, mazkur korxona 1964 yilda ishga tushirilgan bo`lib, bugungi kunga qadar ayrim sexlari biror marotaba rekonstruksiya qilinmagan, eskirgan uskunalarni almashtirish bo`yicha amalga oshirilishi lozim bo`lgan tadbirlar doimo kechiktirib kelingan. Tahlillarga ko`ra, korxonaning «Kuchsiz azot kislotasini ishlab chiqaruvchi», «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi», «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» sexlaridagi agregatlar, ehtiyot qismlar belgilangan muddatlarda almashtirilmagan. Oqibatda azot oksidlari, xlor va xlor kislotasi, ammiak moddasini atmosfera havosiga tashlanishi ruxsat etilgan me`yorlardan chiqish holatlari bir necha bor aniqlangan. Sababi uskunalar eskirgan, buyurtmalar berilgan bo`lsa-da, yangi qurilmalar etkazib berilmagan, eskirgan qurilmalardan hali-xanuz foydalanib kelinmoqda.

Tekshirish davrida o`tkazilgan laboratoriya tahlil natijalariga ko`ra korxona faoliyati natijasida atrof-muhitga tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalar tarkibidagi azot oksidlari 2,9 marotaba, ammiak 1,5 marotaba, xlor moddasi 9,4 marotaba, xlorid kislotasi 1,5 marotaba ruxsat etilgan me`yordan yuqori chiqish holatlari aniqlandi.

Tekshirish davrida korxonaning «1-navbatdagi azot kislotasini ishlab chiqaruvchi» 5-sexidagi 10-agregatni, 25-sexidagi 1-agregatni, «Ammiak selitra ishlab chiqaruvchi» 23-sexdagi 87-manbani, «Kaustik soda, xlor va xlor mahsulotlari ishlab chiqaruvchi» 107-sexdagi 1-kompressorni va «Ammoniy xlorid ishlab chiqarish» bo`limi faoliyatlari vaqtincha to`xtatildi.

Korxona faoliyati natijasida hosil bo`lgan oqova suvlarni Zarafshon daryosiga tashlanayotgan nuqtasida laboratoriya tahlillari ham salbiy natijalarni ko`rsatgan.

Bundan tashqari, korxona hududida turli xil chiqindilar belgilanmagan joyga aralash holatda joylashtirganligi, o`z vaqtida olib chiqib ketilmaganligi, korxona tashqarisida o`ziga tegishli bo`lmagan er maydonida juda ko`p miqdordagi (12.000 tn) qurilish va ishlab chiqarish chiqindilarini olib borib joylashtirilganligi oqibatida atrof muhit holati sifatining buzilishiga olib kelganligi aniqlandi.

Tekshirish natijalariga ko`ra, jami 45 nafar mas`ul shaxslarga nisbatan jami 27,8 mln. so`m miqdorida ma`muriy jarimalar hamda atrof tabiiy muhit ifloslantirilganligi va chiqindilarni belgilanmagan joylarga joylashtirilganligi uchun qo`shimcha ravishda 520,4 mln. so`m kompensasiya to`lovlari hisoblandi.

    Boshqa yangiliklar