AQSh umumiy qiymati 7,5 milliard dollarga teng bo`lgan Evropa ittifoqi mahsulotlariga qo`shimcha bojlar joriy etishini ma`lum qildi. Bu haqda Ntdtv.ru nashri xabar berdi.
Evropa Ittifoqi noqonuniy ravishda Airbus kompaniyasini subsidiyalashi ortidan Jahon savdo tashkiloti ana shunday choralar qo`llashga ruxsat berdi. Shunday qilib, AQSh va Evropa Ittifoqi o`rtasida mazkur masalada 15 yildan buyon davom etib kelayotgan tortishuv yakunlandi. Jahon savdo tashkilotining apellyasiya organi Germaniya, Fransiya, Buyuk Britani va Ispaniya Airbus kompaniyasiga 18 milliard dollardan ortiq subsidiya ajratganini tasdiqladi.
Qo`shma shtatlar Evropa havo kemalariga 10 foiz, qishloq xo`jaligi va sanoat mahsulotlariga esa 25 foiz bojlar joriy etmoqchi. Yangi tariflar 18 oktyabrdan kuchga kiradi. O`z navbatida Evropa Ittifoqi AQShning bunday qarorini qoralab chiqdi va nizoli masalani muzokaralar yo`li orqali hal qilishga chaqirdi. Aks holda esa xuddi shu ko`rinishdagi javob choralari qo`llanishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.