AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanadi

'O`zbekistonda Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanadi'ning rasmi

“Sog`lom sayyoramizning gullab yashnashi, adolatli va tinch hayotni ta`minlanishida qishloq xotin-qizlarining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish o`ta muhim ahamiyatga ega”. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish.

Insoniyat tarixi va rivojlanishida, tobora o`sib borayotgan aholini qishloq xo`jalik mahsulotlari bilan ta`minlanishida qishloq ayollarining o`rni beqiyosdir. Qishloqdagi xotin-qizlar mehnat faoliyati turidan qat`iy nazar aholi farovonligi, dasturxon to`kinligida ishtirok etadi.

2030 yilgacha bo`lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalardagi ustuvor yo`nalishlardan biri etib, gender tenglikni ta`minlash va barcha xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish belgilangan. Ushbu vazifani amalga oshirishda kommunal xizmatlar, infratuzilma va ijtimoiy himoya tizimlarini taqdim etish orqali parvarishlash va uy xo`jaligini yuritish bo`yicha haq to`lanmaydigan mehnatni tan olish va qadrlash, milliy sharoitlarni hisobga olgan holda oilada xo`jalik yuritish uchun umumiy mas`uliyat tamoyilini rag`batlantirish, xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotning barcha bosqichlarida har tomonlama ishtirok etishlari hamda qaror qabul qilishda etakchilik qilishlari uchun teng imkoniyatlarni ta`minlash kabi muhim masalalarga urg`u berilgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan qabul qilingan bir qator Farmon va Qarorlarda mamlakatimiz xotin-qizlarining huquqlarini himoya qilish, ularni har tomonlama qo`llab-quvvatlash, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, qo`shimcha imtiyoz va imkoniyatlar berilishi bo`yicha aniq vazifalar belgilangan. Rivojlanayotgan davlatlarda qishloq ayollari taxminan 43 foizni tashkil etib, aholini oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashdek muhim strategik vazifani amalga oshirishda hissasi katta. Ular qishloq xo`jalik mahsulotlari etishtirish, saqlash va qayta ishlash masalalari bilan muntazam ravishda shug`ullanib kelmoqdalar. Aksariyat qishloq ayollarining turmush tarzi qishloq xo`jaligi va tabiiy resurslarga bevosita bog`liq bo`lib, ta`minlanish darajasiga ko`ra, turmush farovonligini belgilab beradi.

f6cdddfcfdee52e3b5081e96738c58ae.jpg

Dunyo davlatlarida aholi turmush farovonligi oshib borayotganligiga qaramay, 1 milliarddan ortiq kishi hayot uchun o`ta noqulay bo`lgan sharoitlarda, oziq-ovqat taqchilligida yashamoqda. Juda ko`p davlatlarda qishloq joylarda kambag`allik shaharlariga nisbatan ancha yuqori. Osiyo va Sahroi Kabirning janubiy qismida joylashgan davlatlardagi 2,5 milliarddan ortiq aholi uchun asosiy manba hisoblangan mayda xo`jaliklar tomonidan qishloq xo`jalik mahsulotlarining qariyib 80 foizi ishlab chiqiladi. Ayol-fermerlar erkak-fermerlar kabi ishbilarmon va uddaburon bo`lishlari mumkin, lekin xar doim ham ularda erkaklar bilan teng sharoitlar mavjud emas, moddiy-texnik, kredit resurslari, er, suv va boshqa ko`plab imkoniyatlardan foydalanish borasida hanuzgacha ayollar imkoniyati pastligicha qolmoqda.

160f475c44b94e5394cfd2fe85859113_compressed_v1.jpg

Dunyo bo`yicha kambag`al aholining 76 foizi qishloqlarda yashashini inobatga olib, qishloq ayollarining ishlab chiqarish resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish orqali dunyoda kambag`allik pasayishi bilan birga qishloqdagi xotin-qizlarning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibidagi vazifalar ijrosida faol ishtirokini ta`minlash mumkin. Barqaror rivojlanishning 2030 yilgacha bo`lgan maqsadlaridagi gender tengligini ta`minlash uchun bir qator muhim vazifalarni amalga oshirish lozim. Xotin-qizlarni tadbirkorlikka ko`proq jalb qilish, faoliyatlarini boshlashlari va izchil davom ettirishlari uchun moliyaviy jihatdan qo`llab-quvvatlash, sog`liqni saqlash, ta`lim va boshqa sohalarda faolligini oshirish bilan birga moliyalashtirish tizimini engillashtirish va maqbullashtirish sharoitlarini yaratish talab etiladi. Ammo, 2018 yilda dunyoning 124 ta davlatida ijtimoiy sohani moliyalashtirish kamaygan. Umuman olganda, barcha davlatlarda xotin-qizlar farovonligini ta`minlash, siyosiy iroda va rivojlanish strategiyasida jamoatchilik sektorlari xizmatlariga muhtojlik seziladi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2007 yil 18 dekabrdagi Bosh Assambleyasining 62/136–sonli yig`ilishida qishloq ayollarining, shu jumladan, tub aholining qishloq xo`jaligini va qishloq tumanlarini rivojlantirishni jadallashtirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash va qishloq joylarda kambag`allikni yo`qotishdagi rolini tan olib,

15 oktyabr - Xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida rasman e`lon qilinib, ilk marta 2008 yil 15 oktyabrda nishonlandi. Bugungi kunda dunyoning ko`plab davlatlarida ushbu kun keng nishonlanib kelinmoqda.

2019082818515821810_dsc_9323.jpg

Joriy yilda ushbu sana o`n ikkinchi marotaba nishonlanadi. Odatda bu kunda seminarlar, tanlovlar, ko`rgazmalar, tantanali yig`ilishlar tashkil etiladi, xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar berish va davolanishlari uchun patentlar taqdim etiladi .

Har yili “Xalqaro ayollar sammiti” tomonidan “Qishloqda ayollar ijodiyoti” tanlovi e`lon qilinib, aynan bayram kuni g`oliblar Jenevada tashkil etiladigan tadbirda taqdirlanadilar.

Qishloqdagi ayollar uy-ro`zg`or ishlari, asosiy xizmat vazifalaridan tashqari tomorqalarida qishloq xo`jaligi ishlari bilan shug`ullanadilar, farzandlarini mehnatga o`rgatadilar. Ushbu bayram dunyo davlatlaridagi mehnatkash, bag`ri keng va fidoiy qishloq ayollariga bag`ishlangan.

photo_2019-09-22_10-28-23.jpg

Qabul qilingan Rezolyusiyada Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a`zo bo`lgan davlatlar hamkorlikka chaqiriladi. BMT konferensiyalari va sammitlari qarorlarini amalga oshirish bo`yicha tizim tashkilotlari va fuqarolik jamiyati bilan birgalikda qishloq joylardagi ayollarning, shu jumladan, tub aholiga mansub ayollarning holatini mintaqaviy va global rivojlanish strategiyasini inobatga olgan holda yaxshilashga qaratilgan, xususan:

- qishloq xotin-qizlari holatini yaxshilash uchun qulay muhit yaratish va ularning ehtiyojlari, ustuvorliklari va hissalariga tizimli ravishda e`tibor qaratilishini ta`minlash;

- xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini qaror qabul qilishning barcha darajalarida qo`llab-quvvatlash orqali kengaytirish;

- qishloq ayollari, shu jumladan, tub aholiga mansub, shuningdek imkoniyati cheklangan ayollarga ko`rsatiladigan maslahat xizmatlarini rag`batlantirish;

- favqulotda vaziyatlarga bog`liq holatlarda siyosiy baho berish, faoliyatni nazorat qilishda xotin-qizlar manfaatini ta`minlash;

- rivojlanish dasturlari ishlab chiqish, joriy etish va nazorat qilishda gender omillarini inobatga olinishini ta`minlash;

- qishloq ayollarining asosiy ehtiyojlarini, muhim qishloq infratuzilma ob`ektlarini samarali tashkil etish orqali ta`minlash uchun moliyalashtirishni faollashtirish;

- qishloq joylarda xotin-qizlar sog`lig`ini muxofaza qilishda maksimal jarajada standart talablariga etkazish borasida aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish;

- qishloq joylarda xotin-qizlarning inson huquq va erkinliklarini himoya qilishni rag`batlantirishga qaratilgan milliy siyosatni ishlab chiqish va joriy etish;

- qishloqdagi keksa ayollarning ijtimoiy xizmatlarga bo`lgan teng imkoniyatlarini hisobga olinishini ta`minlash;

- qishloq ayollarining iqtisodiy jihatdan malakasini oshirishga yo`naltirilgan dasturlar va maslahat xizmatlarini ko`rsatish bo`yicha aniq chora tadbirlar ishlab chiqish;

- rivojlantirish maqsadida mavjud resurlarni, shu jumladan milliy darajada va rasmiy yordamlarni mobilizasiya qilish;

- barcha rivojlantirishga doir halqaro va milliy strategiyalarda qishloq ayollarining bandligini ta`minlash va kambag`allikni yo`qotish borasida keng imkoniyatlar yaratilishiga doir masalalarni kiritish;

- qishloq ayollarining norasmiy sektorda daromad keltiruvchi, hisobga olinmaydigan va haq to`lanmaydigan qishloq xo`jaligi va boshqa sohalardagi mehnatlarini munosib tan olinishi yuzasidan choralar ko`rish;

- qishloq joylarda erkak va ayollarning ishlab chiqarish va oiladagi majburiyatlarini o`zaro kelishishlariga yo`naltirilgan dasturlar ishlab chiqilishiga ko`maklashish;

- tub aholi yashaydigan qishloq joylarda zaruriyat bo`lgan holatlarda ularning ilg`or g`oyalari va amaliyoti, bilimlarini saqlashga doir milliy qonunchilikni ishlab chiqish;

- zamonaviy, ishonchli va jinsga mansub muammolar echimiga qaratilgan choralar ko`rish;

- qishloq ayollarining xususiy mulkka, erdan va boshqa turdagi mulklardan teng sharoitlarda foydalanishga bo`lgan huquqlarini ta`minlashga doir qonunlar ishlab chiqish va mavjudlarini qayta ko`rish chiqish;

- gender tenglikni inobatga olgan ta`lim tizimini qo`llab-quvvatlash.

O`zbekistonda BMT tomonidan 2007 yilda qabul qilingan Rezolyusiyadagi barcha ustuvor yo`nalishlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

photo_2019-09-22_10-27-31.jpg

Xotin-qizlarni xar tomonlama qo`llab-quvvatlash, jamiyatda gender tenglikni ta`minlash, qishloq joylarda infratuzilmalarni yaxshilash orqali turmush farovonligini oshirish, xotin-qizlarning farovonligini ta`minlashga bevosita ta`sir etuvchi ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, maktabgacha tarbiya muassasalari, xotin-qizlar uchun qishloq joylarda yaratilayotgan yangi ishchi o`rinlar, yil sayin takomillashib borayotgan tibbiy xizmatlar va boshqa ko`plab misollar mamlakatimizda xotin-qizlarning o`rni mustahkamlanib, sharoitlari yaxshilanib borayotganidan dalolatdir.

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning deyarli barcha rasmiy chiqishlarida xotin-qizlar mavzusi, ularni qo`llab-quvvatlash, jamiyat va oiladagi o`rnini mustaxkamlashga qaratilgan aniq vazifalar belgilash bilan birga ularni xayotga joriy etish uchun barcha imtiyoz va imkoniyatlar yaratilmoqda.

Respublikamizda qishloq ayollari, ularning jamiyat taraqqiyoti, aholini qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta`minlashdagi ulkan roli, qishloqlarimizni obodonlashtirishdagi xizmatlarini e`tirof etgan holda ko`pgina dunyo davlatlari qatorida mamlakatimizda xam 15 oktyabrda “Halqaro qishloq ayollari kuni”ni nishonlash kutilmoqda.

Ushbu halqaro bayramning O`zbekistonda xam keng nishonlanishi qishloqlarda istiqomat qilayotgan, davlatimiz va xalqimiz ravnaqiga munosib hissa qo`shayotgan xotin-qizlarimiz uchun yana bir e`tirof va e`tibordir.

O`zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi raisi, Qishloq xo`jalik fanlari nomzodi A.Axmedjanova

Manba: Qishloq xo`jaligi vazirligi matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar