NONNING NARXI O`ZGARMAYDI
Inson uchun yaratilgan eng ulug` ne`matlardan biri nondir. Ayrim ne`matlarni bir hafta yoki bir oy iste`mol qilmay yurish mumkin. Lekin nonsiz yashashni tasavvur etish qiyin. Non –xalqimiz uchun eng aziz va dasturxonidan uzilmaydigan mahsulot.
Aziz ne`matning narxi ko`tarilishiga oid ijtimoiy tarmoqlarda ko`plab muhokamalar bo`lmoqda.
Rostdan ham u qimmatlashadimi?
- Yo`q. Xalqimiz uchun nonning qadri naqadar yuksakligi barchamizga ma`lum, -deydi Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi bosh inspektori Zuhraxon Mullajonova. – Shuni hisobga olgan holda, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 sentyabrda “Donni qayta ishlovchi korxonalar va qolipli non ishlab chiqaruvchilarni yanada qo`llab-quvvatlash chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi. Unga ko`ra, mahalliy dondan foydalangan holda ishlab chiqarilgan un asosida qolipli nonni tayyorlash va sotish 2020 yilning 1 iyuligacha qo`shilgan qiymat solig`idan ozod qilindi. Ayonki, bunday imtiyoz korxonalarning nonni o`zgarmagan narxda sotishini kafolatlaydi.
Demakki, nonning narxi ko`tarilmaydi. U shu paytga qadar qanday qiymatda sotilgan bo`lsa, bundan keyin ham narx o`zgarmaydi, deganidir. Aniq misolga o`tsak. Andijon shahridagi “Toshkent Premium” mas`uliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda 2 tonnaga yaqin mahalliy unni qayta ishlab, 5 mingtaga yaqin sifatli qolipli nonni shahardagi 30dan ortiq do`konga etkazib berayotir. Har bir nonning og`irligi 520 grammni tashkil etadi.
- Yangi qaror faqat bizni emas, aholi manfaatlari va ehtiyojlarini inobatga olib, qabul qilingani bilan ahamiyatlidir, - deydi jamiyat rahbari G`ulomjon Ahmedov. – Birinchidan, qo`shilgan qiymat solig`idan ozod etilishimiz tufayli taxminiy hisob-kitoblarimizga ko`ra, korxonamiz har oyda o`rtacha 8 million so`m mablag`ni tejab qolarkan. Birgina bizning korxonamizdan davlat shuncha mablag`dan voz kechyapti. Aholi ehtiyojlarini hisobga olib. Shunday ekan, nonning narxini ko`tarishimizga hech qanday asos yo`q. Qaytaga, uni xalqimiz uchun eng qulay narxda taqdim etishimiz joiz. Yil boshidan buyon do`konlarga qanchadan berayotgan bo`lsak, hamon o`sha narxda - ming so`mdan etkazib beryapmiz.
- Har kuni ishdan qaytishda biror-bir do`konga kirib, albatta qolipli non sotib olaman, - deydi o`zini Oybek Qodirov deb tanishtirgan xaridor. – Nonning narximi, o`zgargani yo`q. O`tgan, undan avvalgi oylarda ham bir ming ikki yuz so`mdan olardim. Hozir ham shunday.
“Non qimmatlasharkan”, deganga o`xshash gaplar asossiz. Ko`rinib turibdiki, asosiy is`temol mahsulotining narxida hech qanday o`zgarish yo`q. “Tiriklik va rizqu nasiba” deb ta`riflanadigan non ishlab chiqaruvchilarini hukumatiiz qo`llab-quvvatlab, ularga imtiyozlar taqdim etib, narx-navoni oshib ketishiga choralar ko`rayotgan ekan, biz ham aziz ne`matning hattoki ushog`ini ham qadrlamog`imiz kerak.
Dilmurod PARPIEV,
Andijon viloyati davlat soliq boshqarmasi
jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy
axborot sho``basi katta inspektori






