Ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqatilgan material yuzasidan Farg`ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining xabariga ko`ra, dastlabki tergov jarayonida, 2019 yil 29 sentyabr kuni soat 20.45larda Dang`ara tumani Xalq ta`limi bo`limiga qarashli 25-sonli maktabning direktor o`rinbosari M.D. “Neksiya” rusumli avtomashinasini Qo`qon shahri tomon boshqarib ketayotib, yo`lni o`rtasiga o`rnatilgan beton to`siq ustiga chiqib ketganligi va yo`lni yorituvchi temir stolbaga urilishi natijasida avtomashinaga o`rnatilgan gaz balonidan yong`in sodir bo`lganligi aniqlangan.
Yong`in natijasida avtomashina haydovchisi hamda oldi o`rindiqda bo`lgan yo`lovchi Dang`ara tumani Xalq ta`limi bo`limiga qarashli 26-sonli maktabning direktor o`rinbosari U.Sh.lar voqea joyida halok bo`lgan. Orqa o`rindiqda bo`lgan yo`lovchilar Dang`ara tumani Xalq ta`limi bo`limiga qarashli 38-sonli maktabning direktor o`rinbosari T.L. va Dang`ara tumani Xalq ta`limi bo`limi qorovuli M.B.lar tan jarohati olgan hamda ularga birinchi tez tibbiy yordam ko`rsatilib, shifoxonaga joylashtirilgan.
Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan ma`lumotlarda Xalq ta`limi bo`limi xodimlari viloyat Hokimiyatiga kechki selektor yig`ilishiga chaqirtirilganligi ko`rsatilgan, biroq o`rganishlar jarayonida shu kuni, ya`ni 29 sentyabrda Farg`ona viloyati Hokimligida yig`ilish yoki selektor o`tkazilishi belgilanmaganligi, shuningdek yo`l-transport hodisasiga uchragan haydovchi va yo`lovchilar o`zlarining shaxsiy yumushlari bilan Dang`ara tumanidan Qo`qon shahriga ketishayotganligi aniqlangan.
Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






