Bugun Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo`lgan FES (foto elektr stansiya) qurilishi bo`yicha xalqaro tender natijalari e`lon qilindi, deya xabar beradi O`zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi Matbuot xizmati.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yilning 15-17 may kunlari AQShga amalga oshirgan tashrifi chog`ida erishilgan kelishuvlarga binoan, Jahon banki guruhiga kiruvchi Xalqaro moliya korporasiyasi ishtirokida Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt ga teng bo`lgan birinchi FES qurilishi uchun maydoncha tanlandi.
Dastlabki saralash tanlovida XXR, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiya mamlakatlarining 23 ta kompaniyasi ishtirok etib, ulardan 11 nafari navbatdagi bosqichda ishtirok etish huquqini qo`lga kiritdilar.
Shu bilan birga «Acwa Power» (Saudiya Arabistoni), «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» (XXR/Saudiya Arabistoni); «Masdar» (BAA); «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» (XXR) va «Total Eren» (Fransiya) kabi 5 ta kompaniyaning tijoriy takliflari taqdim etildi.
Da`vogarlarning texnik va tijorat takliflarini o`rganish va baholash natijalariga ko`ra, tender komissiyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 1 kVt / soat uchun 2.679 AQSh sent va qurilish muddatini 12 oy deb belgilagan "Masdar" (BAA) xalqaro tender kompaniyasini g`olib deb e`lon qildi.
Ma`lumot uchun: «Acwa Power» kompaniyasi 1 kVt.s uchun 2,98 sent, «TBEA Xinjianing Sunoasis Co Ltd» kompaniyasi 3,586 sent, «Jinko Power» va «Aljoimah Energy & Water Consortium» 3,702 sent, «Total Eren» 4,273 sent taklif qilgan edi.






