Joriy yilning 7-8 oktyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent Islom hamkorlik tashkilotining nufuzli xalqaro anjumaniga mezbonlik qiladi.
Mazkur seminar “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida bo`lib o`tadi. Anjuman O`zbekiston Respublikasi Hukumati, Islom hamkorlik tashkilotining (IHT) Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi(IHMDK) va BMTning Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissari boshqarmasi (IHOKB) bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi milliy markazining matbuot xizmatidan xabar berilishicha, Seminar davomida yoshlar huquqlarini himoya qilish, ularni rag`batlantirish uchun xizmat qiladigan mavjud xalqaro va mintaqaviy vositalarning qo`llanilish sohasini ob`ektiv tahlil etiladi.
Shuningdek, anjuman ishida IHTga a`zo davlatlarda yoshlar o`z huquqlaridan to`liq foydalanishi uchun duch kelayotgan muammolarni ajratib olish, yoshlarga taalluqli joriy siyosat va dasturlar ta`sirini o`rganish, barcha davlat strategiyalarida yoshlar huquqlarini hisobga olish bo`yicha huquqiy, ma`muriy va siyosiy doiralar faoliyatini aniq tavsiyalar bilan yaxshilash uchun yo`l hamda vositalarni taklif etish kabi maqsadlarga erishish ko`zda tutilgan.






