AsosiyJamiyat

Xalqaro anjumanda nega aynan yoshlar muammosi muhokama etiladi?

'Xalqaro anjumanda nega aynan yoshlar muammosi muhokama etiladi?'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, 7-8 oktyabr kunlari Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) tomonidan poytaxtimizda “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzuida xalqaro anjuman bo`lib o`tadi. Ushbu xalqaro anjuman nega aynan yoshlar masalalari muhokamasiga bag`ishlanadi? Bu savolga Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal SAIDOV quyidagicha izoh berdi:

-Avvalo shuni ta`kidlash joizki, IHTning Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi har yili muayyan dolzarb mavzu doirasida xalqaro seminar tashkil etadi, - deydi A.Saidov. - Toshkentda bo`lib o`tadigan Yillik 6-seminar mavzusi ham nihoyatda ahamiyatli.

Birinchidan, yoshlar huquqlari masalasida qabul qilingan xalqaro hujjatlar etarli emas. Aytish o`rinliki, O`zbekiston hukumati ushbu muammoga xalqaro hamjamiyat e`tiborini birinchilardan bo`lib qaratdi.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish bo`yicha xalqaro tashabbusni ilgari surdi. Ushbu xalqaro-huquqiy hujjatda globallashuv va axborot-kommunikasiya texnologiyalari jadal rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda yoshlarga oid siyosatni shakllantirish va amalga oshirish masalalari o`z mujassamini topadi.

Demak, IHTning ushbu seminari keyinchalik qabul qilinadigan xalqaro me`yoriy hujjatlar uchun poydevor bo`lib xizmat qiladi.

Ikkinchidan, hozirda IHTga a`zo davlatlar aholisining ko`p qismini yoshlar tashkil etadi. Sosiologlar 2050 yilga borib jahondagi yoshlarning uchdan bir qismi IHT mamlakatlarida yashashi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Yoshlar IHTga a`zo davlatlar uchun salmoqli demografik salohiyat hisoblanadi. Sanoatda, innovasion rivojlanishda bundan samarali foydalanish mumkin. Shu bilan birga, bu holat muayyan muammolarni ham yuzaga keltiradi.

Sifatli ta`lim berish, etarlicha ish joylari yaratish hamda ta`lim olgandan so`ngmehnat bozoriga kirishni engillashtirish, erkaklar va ayollar uchun mehnat bozorida keng imkoniyatlar shakllantirish, turmush darajasini oshirish uchun avlodlar o`rtasidagi ijtimoiy mobillikka ko`maklashish, yoshlarning ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishini hamda ularning zararli moddalarga bog`liqligini kamaytirish kabi muammolar shular jumlasidandir.

Uchinchidan, tadqiqotlar IHTga a`zo ko`pchilik mamlakatlarda yoshlarning salmoqli qismi faol emasligini, ular siyosiy qarorlar qabul qilishda ishtirok etish va siyosiy qarorlarni amalga oshirish bilan bog`liq jarayonlardan chetda qolayotganini ko`rsatmoqda. Bu, o`z navbatida, musulmon yoshlarining integrasiyalashishiga, ular salohiyatidan unumli foydalanishga ko`proq e`tibor qaratishni taqozo etadi.

Bu maqsadga “yoshlar muammolarini hal etish” bilangina emas, “yoshlar huquqlarini ta`minlash” bilan erishish mumkin. Bunday yondashuv orqali, birinchidan, yoshlar huquqlari ta`minlanadi, ikkinchidan, tinch-totuv, demokratik jamiyatlarni barpo etish va barqaror rivojlanishni ta`minlashda yoshlar salohiyatidan samarali foydalaniladi.

Seminarda shu kabi muammolar atroflicha o`rganilib, yakunda milliy, mintaqaviy va global darjalarda turli manfaatdor tomonlar uchun aniq tavsiyalar ishlab chiqiladi. Shuningdek, yakunlovchi hujjat IHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi sessiyasida taqdim etiladi.

    Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

    Boshqa yangiliklar