Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyatining Denov tumanida fuqarolarning paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilgani xususida xabarlar e`lon qilindi. Ushbu holat bo`yicha Davlat mehnat inspeksiyasining o`rganishlari ayni yo`nalishda qonunbuzarlik holatlari qayd etilganini ko`rsatdi.
Davlat mehnat inspeksiyasining Denov telekommunikasiya bog`lanmasida o`tkazgan tekshiruvlarga ko`ra, uning ishchilari: X.Botirova, B.Qurbonov va D.Soatovalar paxta terimiga majburiy tarzda jalb etilgan. Qonunchilikka zid harakatlari sabab tashkilot boshlig`i Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan miqdorda jarimaga tortildi.
Denov tumani chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya bo`limi boshlig`i ham qo`l ostidagi ishchilarni paxta terimiga jalb qilgan. Shu sababdan unga ham Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 51-moddasi 1-qismida ko`rsatilgan miqdorda jarima belgilangan.
Davlat mehnat inspeksiyasining o`rganishlari Denov tumani Madaniyat bo`limi xodimlarining paxta terimiga jalb qilinmaganini ko`rsatdi. Ma`lum bo`lishicha, ular 30 sentyabr kuni “O`qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan terimchilar uchun konsert dasturini uyushtirgan.
Shu kuni Denov tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari ham paxta terimiga jalb qilinmagan. 30 sentyabr kuni ular o`ziga biriktirilgan hududda o`ziga yuklatilgan vazifani bajargan.






