O`zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi islohotlar ustidan jamoatchilik nazorati samaradorligini, shuningdek, fuqarolarning demokratik o`zgartirishlardagi faolligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Qarorga muvofiq, jamoatchilik muhokamasiga qo`yilgan qonun hujjatlarining loyihalari bo`yicha muhokama natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va Vazirlar Mahkamasiga (ko`rib chiqish uchun) kiritiladi.
Bunda, qoida tariqasida, kelib tushgan takliflarni ko`rib chiqish natijalari ko`rsatilishi majburiydir.
Shuningdek, qarorga ko`ra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab:
– Respublika, viloyatlararo NNTlarni davlat ro`yxatidan o`tkazish uchun undiriladigan davlat boji stavkalari BHMning 4 baravaridan 3 baravarigacha;
– viloyat NNTlari uchun – BHMning 2 baravaridan 1 baravarigacha pasaytiriladi.
Faoliyatini tuman (shahar), shaharcha, qishloq va ovul hududida olib boradigan NNTni davlat ro`yxatdan o`tkazish uchun davlat boji stavkasi BHMning 50 foizi miqdorida belgilanadi.
Qarorga muvofiq, 2020 yil 1 fevralga qadar Nodavlat notijorat tashkilotlari to`g`risidagi kodeksi loyihasi ishlab chiqiladi.
2019/2020 o`quv yilidan boshlab to`lov asosida NNTlar rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etiladi.






