AsosiyJamiyat

Yoshlar sport sammiti o`z ishini boshladi

'Yoshlar sport sammiti o`z ishini boshladi'ning rasmi

Poytaxtimizdagi “Yoshlar press-klubi”da Yoshlar sport sammitiga start berildi. Uch kunlik sammitning dastlabki kuni ochilish marosimi bilan boshlandi. Unda O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi qoshida tashkil etilgan Talabalar sport assosiasiyasi, O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, O`zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti vakillari, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasi, “O`zbekkonsert” davlat muassasasi, O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, O`zbekiston Respublikasi Sog`liqni saqlash vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar ishtirok etdi.

Yoshlar o`rtasida ommaviy sportni yanada rivojlantirish maqsadida talaba-yoshlarning talab va takliflaridan kelib chiqqan holda o`tkazilayotgan mazkur sammit 6 oktyabrga qadar davom etib, u O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi va Toshkent viloyati, Bo`stonliq tumani “Yoshlar oromgohi”da bo`lib o`tadi. Sport bo`yicha innovasion va kreativ g`oyalari va loyihalari bilan tashabbus ko`rsatayotgan yoshlarning eng yaxshi, dolzarb loyihalari har tomonlama qo`llab-quvvatlanib,        hayotga tatbiq etiladi. Sammit quyidagi yo`nalishlarda  faoliyat olib boradi:

—Tokio 2020 hamda 32-yozgi olimpiada o`yinlariga sportchilarni (pedagogik, jismoniy, biologik, psixologik) tayyorlash;

—O`zbekistonda sport turizmini rivojlantirish;

—Innovasion g`oya va biznes rejalar;

—Sport jurnalistikasi.

Sammit ishida jismoniy tarbiya va sport, turizm, biznes rejalar hamda sport jurnalistikasini rivojlantirish, innovasion g`oyalar va texnologiyalarni joriy etishga alohida e`tibor qaratiladi. Bundan tashqari, yoshlardan olingan taklif va tavsiyalar asosida murabbiylar uchun ilmiy-uslubiy qo`llanma yaratilib, ustuvor va istiqbolli yo`nalishlar belgilab olinadi.

    Boshqa yangiliklar