AsosiyJamiyat

Yoshlarda vatanparvarlik, sadoqatlilik va halollik kabi fazilatlarni mustahkamlash yo`lida

'Yoshlarda vatanparvarlik, sadoqatlilik va halollik kabi fazilatlarni mustahkamlash yo`lida'ning rasmi

Bugungi globallashuv, mafkuraviy kurashlar avj olgan davrda yoshlarga to`g`ri ta`lim berib, ularni o`z Vatani, xalqi uchun munosib avlod qilib tarbiyalash, turli zararli yot g`oyalardan asrash har doimgidan-da muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shunday ekan, ularda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash zarur.

Ushbu ustuvor vazifaning dolzarbligidan kelib chiqib, IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari joylarda ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida umumta`lim maktablari va akademik liseylar o`quvchilari o`rtasida ma`naviy-ma`rifiy va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham tashkil etmoqda.

Ta`lim muassasamiz professor-o`qituvchilari o`tkazayotgan ushbu tadbirlar “Yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat fazilatlarini kamol toptirish”, “Tinchlik va osoyishtalikni saqlashda yoshlar mas`uliyati” mavzulariga bag`ishlanmoqda, 
– deydi Institut kafedra boshlig`i, polkovnik Bahodir Ulug`bekov. – Ular doirasida “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusida viktorinalar ham o`tkazilmoqda.

– Tadbir tengdoshlarim qatori menda ham katta taassurot qoldirdi, 
– deydi Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir tumani 3-sonli umumta`lim maktabining 10-sinf o`quvchisi Zamira Allamberganova.– Biz yoshlarga yurtimizda yaratilayotgan sharoitlar, tinchlikni qadriga etishimiz, tinchlikni saqlashda nima ishlar qilishimiz aniq misollar bilan tushuntirildi hamda o`tkazilgan viktorinada berilgan savollar ham juda qiziqarli bo`ldi, bu tadbir bizda katta taassurot qoldirdi.

– Maktabimizda IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirda vatanparvarlik, adolatparvarlik, sadoqatlilik, halollik kabi ezgu fazilatlar misollar orqali tushuntirib berildi, – deydi Surxondaryo viloti Termiz tumani 9-sonli umumta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi Surayyo Anorova. – Ularning fikr-mulohazalari, tavsiyalari bizni hayotga bo`lgan qarashlarimizni boyitdi. Insonning o`zi tug`ilib o`sgan Vataniga, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish sharafli burch ekanligi, buning uchun bilim va saviyamizni muntazam oshirib borishimiz, kitobga bo`lgan mehrni mustahkamlashimiz zarurligi uqtirildi.

Qoraqalpog`iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi Ichki ishlar vazirligiga qarashli akademik liseylarida o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda ham bo`lg`usi ichki ishlar organlari xodimlarida yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat kabi olijanob fazilatlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati haqida so`z yuritildi.

– Yoshlar qalbiga yo`l topish, ularni kelajagimizning munosib vorislari bo`lib etishlariga yo`l-yo`riqlar ko`rsatish, o`z Vataniga bo`lgan mehr-muhabbatni mustahkamlash, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ma`rifatni tarqatish har birimizning kundalik vazifamizga aylanishi lozim, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor Nuriddin Normatov. – Shu boisdan o`tkazilayotgan ushbu ma`naviy-ma`rifiy tadbirlarda yuqorida qayd etilgan insoniy fazilatlar bilan bir qatorda, so`z va amal birligi, xalqqa xizmat qilish kabi ezgu tushunchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga harakat qilmoqdamiz.

– Poytaxtimizdan tashrif buyurgan mutaxassislar tomonidan o`tkazilgan uchrashuv bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – deydi Surxondaryo viloyatidagi IIVga qarashli akademik liseyning 2-bosqich o`quvchisi Sherzod Mamarajabov. – Biz yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus hamda kitobga mehr qo`yishning ahamiyati haqida tushunchalar berilganligi biz uchun muhim yo`l-yo`riq bo`ldi. Chunki, mazkur tadbirlar biz yoshlarni o`z ustimizda ko`p ishlashga, intilishga va izlanishga chorlaydi. 

– Bugun IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan bo`lg`usi ichki ishlar organlari xodimlari qanday fazilatlarga ega bo`lishi lozimligi haqida bildirgan fikr-mulohazalari kelgusi hayot yo`llarimizda dasturilamal bo`lib xizmat qiladi, – deydi IIVga qarashli Qoraqalpoq akademik liseyi 2-bosqicho`quvchisi Rasul Aytmuratov
– Ayniqsa, ular tomonidan o`tkazilgan “Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi” mavzusidagi viktorina biz bo`lg`usi huquq tartibotchilari uchun dastlabki sinov bo`ldi, desak mubolag`a bo`lmaydi. Bahs-munozalarga boy bo`lgan mazkur viktorina orqali birinchi navbatda huquqiy bilimlarimizni yana bir bor mustahkamlab oldik.

Shuningdek, bunday tadbirlar Angor tumanidagi 3-sonli, Jarqo`rg`ondagi 
1-sonli va Qumqo`rg`ondagi 3-sonli, Shumanaydagi 15-sonli, Xo`jaylidagi 3-sonli umumta`lim maktablarida, Chimboydagi akademik liseyda ham o`tkazildi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, akademik liseylar va umumta`lim maktablarida targ`ibot tadbirlari va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar davom etmoqda.

 

 

IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar