AsosiyJamiyat

Toshloq tumani ham rejani bajardi

'Toshloq tumani ham rejani bajardi'ning rasmi

Farg`ona viloyatining Toshloq tumani paxtakorlari davlatga 15 ming 335 tonna paxta topshirib, shartnomaviy rejani bajargani e`lon qilindi.

“Expo kollor prin teks” mas`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Toshloq tumanida paxtachilik-to`qimachilik klasteri tashkil etilib, 5 ming 120 gektar maydonda g`o`zaning yuqori sifatli tola beradigan, erta va o`rtapishar “S-8290”, “Namangan-77”, “Sulton” kabi hududning tuproq-iqlim sharoitiga mos navlari parvarishlandi.

Paxtachilikka ixtisoslashgan 135 ta fermer xo`jaligi bilan kontraktasiya shartnomalari tuzilib, barcha agrotexnik tadbirlar sifatli olib borildi. Bu esa o`zining amaliy samarasini ko`rsatdi. Mo`l hosil etishtirilib, belgilangan reja ortig`i bilan uddalandi. “Zarkent Oydin saxovati”, “O`lmas Tohir”, “Komiljon ota ziyo”, “Yangi davr shijoati”, “Mohinur Mumtoz” kabi peshqadam fermer xo`jaliklarida hosildorlik 40-45 sentnerni tashkil etdi.

– Qishloq xo`jaligida islohotlar natijasida dehqonchilik madaniyati oshib bormoqda, – deydi “Yusufbek ziyo” fermer xo`jaligi rahbari Xurshid O`saraliev. – Ayniqsa, klaster usuli biz fermerlarga juda ma`qul bo`ldi. Paxta parvarishi uchun nimaiki zarur bo`lsa, hammasini vaqtida oldik. Joriy yilda 35 gektar maydondan hozirgacha jami 135 tonnadan ko`proq hosil oldik. O`rtacha hosildorlik 42 sentnerga etdi. Barakali xirmon – katta daromad, degani. Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, yil yakunida jami 150 million so`mdan ziyod sof foyda olamiz.

    Boshqa yangiliklar