AsosiyJamiyat

Bir murojaat izidan: arizada ko`rsatilganlarning hech biri o`z isbotini topmadi, aksincha...

'Bir murojaat izidan: arizada ko`rsatilganlarning hech biri o`z isbotini topmadi, aksincha...'ning rasmi

Joriy yilning 3 oktyabr kuni “Sizdan Telegramm”  kanalida ( “Ozodlik” ning rasmiy telegramm kanali) Samarqand Veterinariya medisinasi instituti dosenti M.Mamatovaning  murojaati e`lon qilingan va unda Mamatova ta`lim sifatini oshirishga uringani uchun tazyiqqa uchragani, unga institutda ish berilmayotgani va boshqa vajlar haqida  aytilgan.  Shundan so`ng Samarqand Veterinariya medisinasiinstituti Axborot xizmati tomonidan mazkur murojaat atroflicha o`rganib chiqilib, e`lon qilindi.

Aniqlanishicha, Mamatova Muborak ayni kunda Samarqand Veterinariya medisinasiinstituti  “Epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya”  kafedrasi dosenti lavozimida, to`liq shtat birligida ishlaydi. Bungacha u  institutning Sirtqi bo`lim boshlig`i lavozimida faoliyat ko`rsatgan va o`z arizasiga binoan vazifasidan ozod etilgan.     

Shuningdek, M.Mamatovaning doktorlik dissertasiyasi himoyasi uchun institut rahbariyati tomonidan etarlicha sharoitlar yaratib berilgan bo`lib ma`lumotlarini tayyorlash va chop ettirish uchun unga Noutbuk va bir oylik mehnat ta`tili berilgan.  Himoyadan so`ng,  ishlanmalarini ishlab chiqarishga joriy etish  yoki institutga investisiya kiritish bo`yicha Mamatova tomonidan biror marta murojaat qilinmagan.  Institutda e`lon qilingan grant loyihalarida ham u hech qachon ishtirok etmagan.  Dosent Mamatovaning o`zini O`rta Osiyodagi kam sonli veterinariya  fanlari doktorlaridan biriman deyishi ham nokamtarlik va ahloq qoidalariga zid va “Ta`lim sifatini oshirishga uringanim uchun tazyiqqa uchradim” deyishi esa, quruq tuhmat va bo`xton. 

Mamatovaning 83 yoshli onasini, institut rektori tugul, institut xotin-qizlar qo`mitasi, kasaba uyushmasi va boshqa mutasaddilarning hech biri hech qachon ko`rmagan va onaxon bilan  muloqotda bo`lmagan. “Qamatib yuboraman” deb tahdid qilinishi haqidagi uydirma ham kurakda turmaydigan tuhmat va yolg`ondan iborat. “Tazyiq ” o`tkazilganligi haqida institut xotin-qizlar  qo`mitasiga  va boshqa mutasaddilarining hech biriga Mamatova tomonidan  murojaat ham bo`lmagan.  Shuningdek, institut tomonidan M.Mamatovaning ishlari Davlat mukofotiga ham tavsiya etilmagan. 

SamVMIda “Epizootologiya, mikrobiologiya va virusologiya”  kafedrasida 2 ta laboratoriya mavjud. Har ikkisi ham zamon talablari darajasida jihozlangan.  Hatto yangi laboratoriyadagi sharoitlar va jihozlar eng so`nggi rusumdagi, deb bemalol aytish mumkin. ( AQSh va Yaponiya texnologiyalari asosidagi yangi zamonaviy o`quv -laboratoriya jihozlarining umumiy qiymati 1 mlrd.so`mni tashkil etadi) Mikroskop va proektorlar etarli, dars jarayonlarida muntazam foydalanib kelinadi. Viloyat laboratoriyasi esa institut hududiga yaqin masofada joylashgan. (Yo`lning qarama-qarshi tomonida, 100 metr) Unga avtobusda borishga hojat yo`q. Uzoqroq  xo`jaliklarga borish uchun esa,  albatta avtobus ajratilgan.  

Shuningdek,  joriy yilning 24 may kuni Toshkent shahrida bo`lib o`tgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning Ziyolilar bilan uchrashuvidan so`ng institut rektori X.Yunusovning takliflariga ko`ra, Prezident tomonidan Samarqand Veterinariya medisinasi institutiga 3 dona yangi avtobus ajratilishi ma`lum qilingan. Demak, bu masalada ham muammo yo`q.

Xulosa o`rnida aytish kerakki, Mamatova  yuqoridagi vajlar bo`yicha respublikamizdagi mas`ul idoralarga bir necha marta (bir oyda 6 marta) murojaat qilgan. M. Mamatovaning murojaatlari bo`yicha har safar turli tashkilotlar mutasaddilaridan iborat maxsus Ishchi guruh  tomonidan tekshirishlar o`tkazilib, arizada ko`rsatilgan bandlarning hech biri o`z isbotini topmagan, aksincha, yolg`on va  tuhmatlardan iborat ekanligi aniq dalillar asosida isbotlabberilgan. Bu jarayonlarda institutning sha`niga dog` tushishi  mumkinligi Mamatovani qiziqtirmadi. Jamoadoshlari obro`si, oltindan qimmat vaqti va asablari e`tiborga olinmadi. Shunda ham institut ma`muriyati tomonidan unga bir shtat birligida dars soatlari ajratib berildi. Oilaviy sharoiti, institutda 20 yildan beri ishlayotgani   va ayol kishi ekanligi inobatga olinib, ziyolilarga xos bag`rikenglik bilan Mamatovaning “qilmishlari”, turli mas`ul idoralarga  qilayotgan asossiz murojaatlariga ko`z yumib kelinmoqda.

Ammo har narsada me`yor bo`lgani afzal. Tuhmatlar to`xtatilmas ekan, institut  ma`muriyati so`nggi chora sifatida huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat etishga majbur. 

    Boshqa yangiliklar