AsosiyJamiyat

“Umra–2019” safari bilan bog`liq bir qator muhim ma`lumotlar berildi

'“Umra–2019” safari bilan bog`liq bir qator muhim ma`lumotlar berildi'ning rasmi

2019 yil 8 oktyabr kuni soat 15:00 da O`zbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashining “Yoshlar press-klubi”da “Umra–2019” mavsumi bo`yicha Brifing o`tkazilib, unda boshlanayotgan umra mavsumi, ko`rilgan tayyorgarlik ishlari va boshqa umra safari bilan bog`liq bir qator muhim ma`lumotlar berildi.

Co`nggi yillarda fuqarolarining muqaddas ziyoratga bo`lgan ehtiyojlarini to`laqonli qondirish maqsadida Jamoatchilik kengashi qarori asosida Umra safariga boruvchi ziyoratchilarning sonini belgilash bo`yicha (kvota) cheklovlar olib tashlanganini eslab o`tish o`rinli bo`ladi.

Ma`lumot uchun so`nggi yillarda umra ziyoratiga borayotganlarning soni 10 000 nafardan oshmagan edi. Avvallari fuqarolarimiz umra safariga borish uchun yillab navbat kutishar, boshqa yo`llar bilan borish imkoniyatlarini qidirishar edi. Endilikda, ortiqcha ovoragarchilik va yugur-yugurlarga barham berildi.

Shu o`rinda 2019 yil umra mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi loyihasi ishlab chiqildi va har bir ziyoratchidan olinadigan mablag` o`tgan mavsumda umra safari uchun to`lanadigan mablag` miqdoridan arzonlashtirildi. Ya`ni 11 600 000 so`mdan 11 450 000 so`mga tushirildi.

Joriy yil sentyabr oyidan boshlab SAP haj va umra ishlari vazirligi tomonidan har bir ziyoratchi uchun qo`shimcha 132 AQSh dollari miqdorida mablag` joriy etilmoqda. Yuqoridagi xarajatlar smetasiga ushbu mablag` kiritilmagan. Kelishuvga ko`ra, mazkur qo`shimcha mablag` umra ziyorati uchun joriy yil noyabr oyidan boshlab tuziladigan keyingi shartnomada qo`shilishi belgilab olindi.

Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati tomonidan haj va umra sohasida chet el ziyoratchilariga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida keng qamrovli islohotlar olib borilib, ziyoratchilarga xizmat ko`rsatishning yangi tizimi ya`ni elektron platforma joriy qilingan.

Yangi tizim to`liq ishga tushirilmaganligi sababli 20 kun SAPga kirish vizasi faoliyati to`xtab qolgan. Shu yilning 25 sentyabr kunidan boshlab elektron platforma orqali dastlab kichik guruhli (5-25 nafar) umra ziyoratchilariga “V2S” turdagi kirish vizalari rasmiylashtirish boshlangan.

Lekin, umra ziyoratiga kelishi rejalashtirilayotgan hukumatlararo kelishuv asosidagi katta guruhlarga esa mazkur portalning to`liq ishga tushirilmaganligi sababli “V2V” turdagi viza berish tizimi hozirgacha ishga tushmaganligi haqida rasmiy bildirildi. Ushbu turdagi kirish vizasini rasmiylashtirish bo`yicha O`zbekiston hukumati tomonidan barcha amaliy ishlar amalga oshirilib, jarayon shay holga keltirilgan. SAPdagi hamkorlar tomonidan o`zbekistonlik ziyoratchilarni kutib olish ishlari nihoyasiga etgan. Barcha shart-sharoitlar hozirlab qo`yilgan.

Eslatib o`tamiz, ijtimoiy tarmoqlar va OAVda fuqarolarimiz tomonidan berilayotgan turli savollarga javob tariqasida, yuqorida zikr etilgan kirish vizasi bilan bog`liq masalalar tez orada hal etilgandan so`ng, umra safariga otlangan birinchi guruh ziyoratchilarimizning Saudiya Arabistoniga jo`nab ketish kuni Din ishlari bo`yicha qo`mitaning rasmiy veb-sayti orqali e`lon qilinadi.

Ma`lumot uchun, har bir ziyoratchi uchun to`lanadigan mablag` ichiga:

Saudiya Arabistoni Podshohligi rasmiy vizasi;

Toshkent-Jidda-Toshkent yo`nalishi bo`yicha aviachipta;

Makka va Madina shaharlaridagi 5 va 4 yulduzli mehmonxona;

oshpazlar tomonidan tayyorlanadigan tansiq taomlar; sarxil mevalar, shirinliklar, salqin ichimliklar;

24 soatlik bepul to`liq tibbiy xizmat;

mamlakatimiz ramzlari tushirilgan maxsus nimcha va sumka;

Umra qo`llanmasi (kitobi), beyjik, qo`l tasmasi, vaksina, zamonaviy transport hamda boshqa ziyorat xizmatlari kiritilgan.

Ma`lumot uchun, Umra ziyorati 10 kunni tashkil etib, yurtdoshlarimiz 3 kun Madinai munavvara, 7 kun Makkai mukarrama shahrida bo`ladilar.

Umra safari davomida ziyoratchilarga o`zbekistonlik
5 nafar ishchi guruhi, 200 nafar guruh rahbari (ellikboshi) va 47 nafar shifokor xizmat ko`rsatadi.

 

    Boshqa yangiliklar